
Xitoy elektromobillari bozorda tobora faol harakat qilmoqda. Arzon narx, zamonaviy dizayn va kuchli texnik ko‘rsatkichlar ularni ko‘pchilik uchun qiziqarli bo‘ladi. 2024-yilda ishlab chiqarilgan Deepal S07 elektromobili bilan bog‘liq holat Xitoy elektromobillarining zaif tomonlari va bartaraf etish kerak bo‘lgan ishlarini ochib berdi.
33 ming km masofa bosib o‘tilgach, avtomobil egasi 60 km/soatdan yuqori tezliklarda kuchli vibratsiya va taqillatish ovozlarini sezgan. Mashina boshqa shahardan Olmaotaga servisga yetkazilgan va tekshiruv natijasida muammoning sababi tez aniqlangan: orqa reduktor nosozligi.

Avvaliga jiddiy muammo deyarli sezilmagan. Xatoliklar qayd etilmagan, avtomobil yurishda davom etgan, reduktordagi moy almashtirilmagan edi. Ammo moyni to‘kib ko‘rishganda, unda me’yoridan ortiq metall qirindilari borligi ma’lum bo‘lgan. Bu esa uzel ichida jiddiy yeyilish boshlanganidan dalolat bergan.
Servis mutaxassislariga ko‘ra, bu holat faqat Deepal emas, balki ko‘plab xitoy elektromobillariga xos muammo hisoblanadi.

«Orqa reduktor juda katta yuklama ostida ishlaydi. Elektrodvigatelning keskin va yuqori aylanish momenti bevosita shu uzelga tushadi. Aynan arzon, ammo tezkor elektromobillarning zaif joyi ham mana shu yerda», — deya izohladi servis vakili.
Deepal S07 modelida reduktor va elektromotor bitta korpus ichida joylashgan.
Shunga qaramay, mazkur holatda muammo moy bilan bog‘liq emas edi. Diagnostika natijasida differensial uzeli ishdan chiqqani aniqlangan.

Mutaxassislar uzelni to‘liq ajratib, nosoz o‘qni va germetik materiallarni almashtirdi. Qayta yig‘ishdan so‘ng avtomobil bir sutka davomida quritilib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada Deepal S07 yana muammosiz harakatlana boshladi. Vibratsiya va zarbalar butunlay yo‘qoldi.
Nega bunday nosozliklar paydo bo‘ladi?
Birinchidan, zamonaviy elektromobillarda elektromotorlar juda kuchli bo‘lib, momentni bir zumda uzatadi. Bu esa reduktorni doimo chegara holatda ishlashga majbur qiladi. Ayniqsa, tez-tez keskin tezlanadigan avtomobillarda uzel tezroq ishdan chiqadi.
Ikkinchidan, Xitoy avtomobillarida modifikatsiyalar juda tez-tez yangilanadi. Har yarim yilda restayling o‘tkaziladi. Tashqi ko‘rinishi deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa ham, ichki qismlar butunlay boshqa bo‘lishi mumkin.
Bu hol ehtiyot qismlar tanlashni murakkablashtiradi va noto‘g‘ri detal buyurtma qilish xavfini oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, Deepal S07’dagi holat jiddiy tusga kirmasdan bartaraf etilgan. Differensial oddiy ta’mir bilan tiklandi va butun reduktorni almashtirishga ehtiyoj qolmadi. Bu voqea shuni ko‘rsatdiki, xitoy elektromobillari zaif joylarga ega bo‘lsa-da, ular ta’mirlashga yaroqli. Muhimi — nosozlik belgilariga befarq bo‘lmaslik, muntazam texnik xizmatni e’tibordan chetda qoldirmaslik va muammolar kuchayib ketishini kutmaslikdir.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy avtomobillarining jahon bozoridagi ulushi haqida yozgan edik.