Paramount Warner Bros’ni xarid qilish bo‘yicha kompensatsiya miqdorini 5 mlrd dollarga oshirdi

eʼlon qilindi
Yangi taklif kompaniyaning regulyatorlar tekshiruvidan o‘tishga bo‘lgan qat’iy ishonchini ko‘rsatmoqda
Foto: Jill Connelly / Bloomberg

Paramount Skydance kompaniyasi Warner Bros Discovery’ni sotib olish bo‘yicha shartnoma bekor qilingan taqdirda to‘lanadigan jarima miqdorini $2,1 mlrddan $5 mlrdga oshirdi. Bu haqda Bloomberg vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Ushbu mablag‘, agar tomonlar kelishuvga erishsa, ammo bitim yakuniga yetkazilmasa Warner Bros hisobiga o‘tkaziladi. Tahlilchilarning fikricha, to‘lov miqdorining keskin oshirilishi Paramount o‘zi taklif qilayotgan birlashuv jarayoni regulyatorlar tomonidan tasdiqlanishiga ishonchi baland ekanligidan dalolat beradi. Hozircha Paramount Skydance va Warner Bros Discovery ushbu xabar yuzasidan rasmiy izoh berishdan bosh tortgan.

Warner Bros Discovery 1-dekabr kuni xaridorlardan takliflarning ikkinchi bosqichini qabul qilib oldi. Reuters agentligining ma’lum qilishicha, da’vogarlar orasida Netflix ham mavjud bo‘lib, striming giganti asosan naqd pul shaklidagi to‘lovni taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida HBO va CNN telekanallariga egalik qiluvchi Warner Bros kengashi Paramount Skydance’ning qariyb $60 milliardlik taklifini rad etgan edi. Shundan so‘ng kompaniya sotuv bo‘yicha boshqa imkoniyatlarni o‘rganayotganini ma’lum qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp va Paramount o‘rtasidagi mojaro kelishuv bilan tugashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek