Namanganda chegaradan noqonuniy olib kirilgan 1,1 milliard so‘mlik oltinlar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati bo‘yicha boshqarma, Chegara qo‘shinlari va viloyat IIB xodimlari hamkorligida Kosonsoy tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda qo‘shni Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga noqonuniy olib o‘tilgan qimmatbaho metallar savdosiga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kosonsoy tumanida yashovchi 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro, 1988-yilda tug‘ilgan shaxsning ko‘rsatmasi asosida davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘izistondan O‘zbekiston hududiga jami og‘irligi 1 kg 168 gr, taxminiy qiymati 1,1 mlrd so‘m bo‘lgan oltin quymasi parchalari olib kirgan.

Tezkor tadbir davomida shaxs oltinlarni tuman hududida yashovchi boshqa qarindoshiga yetkazayotgan vaqtida ushlangan. Ushbu holat yuzasidan shaxslarga nisbatan JKning 182-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari hamda 223-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada hokim o‘rinbosari, Namanganda esa ikki hokim yordamchisi pora bilan qo‘lga tushgan edi.