Parij ketma-ket beshinchi bor dunyoning eng jozibali shahri deb topildi

Euromonitor International kompaniyasi 2025-yilgi TOP – 100 shahar reytingini e’lon qildi va unda Parij ketma-ket beshinchi yil birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.
Fransiyaning poytaxti turizm siyosati, infratuzilma va barqarorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi. Parijning muvaffaqiyati Notr-Damning qayta ochilishi va «PSJ» futbol klubining Chempionlar ligasidagi tarixiy g‘alabasi fonida sayyohlar oqimining oshishi bilan izohlanmoqda.

Xalqaro tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha esa Bangkok dunyoda birinchi bo‘ldi. Yevropaning Madrid, Rim, Milan, Amsterdam va Barselona shaharlari kuchli o‘ntalikda. Osiyo va Tinch okeani mintaqasidan Tokio 3-o‘rinni, Singapur 9-o‘rinni va Seul 10-o‘rinni band etdi. Nyu-York 6-o‘rin bilan kuchli o‘ntalikka kirgan yagona AQSh shahri bo‘ldi.

Ilgari kuchli o‘ntalikda bo‘lgan London xavfsizlik va barqarorlik bo‘yicha ko‘rsatkichlari pasaygani sababli 18-o‘ringa tushib ketdi. AQSh shaharlaridan Los-Anjeles 13-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Orlando FIFA klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati o‘yinlari sababli turizm samaradorligi bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘ldi.
Euromonitorning TOP – 10 shahar reytingi
- Parij
- Madrid
- Tokio
- Rim
- Milan
- Nyu-York
- Amsterdam
- Barselona
- Singapur
- Seul
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Parijda mashhur qabristonlarda dafn bo‘lish lotereyasi tashkil etilgani haqida xabar bergan edi.