BOSS tovar belgisini noqonuniy ishlatgan korxonaga 20 million so‘m jarima solindi

Hugo Boss AG (Germaniya) kompaniyasi o‘zining BOSS tovar belgisi O‘zbekistondagi korxona tomonidan noqonuniy ishlatilgani uchun sudga murojaat qilgan. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, «D.W.» MChJ tomonidan savdoga qo‘yilgan kontrafakt kiyim-kechak mahsulotlari iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan darajada BOSS brendiga o‘xshash bo‘lgani aniqlangan. Bu esa tovar belgisining egasi bo‘lgan kompaniya huquqlarining buzilishi sifatida baholandi.
Qonunchilikka muvofiq, tovar belgisidan ruxsatsiz foydalanish holatlarida zarar o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon puli undirilishi mumkin. Mazkur holat yuzasidan Adliya vazirligi avvalroq korxonada tekshiruv o‘tkazgan va huquqbuzarlik bo‘yicha choralar ko‘rgan.
28-noyabr kuni sud Hugo Boss AG foydasiga 20 mln so‘m tovon undirilishini belgiladi.
Adliya vazirligi tadbirkorlarga murojaat qilib, o‘z brendlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, noqonuniy foydalanish holatlarida 1008 ishonch telefoniga yoki info@adliya.uz manziliga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Adliya tizimida yangi tayinlovlar amalga oshirilgani haqida yozgandi.