Sovuqning boshlanishi, Gulistondagi portlash aybdorlari, qishki ta’til sanalari — 5-dekabrning muhim yangiliklari

«Kursiv» nashri 5-dekabr kuni yuz bergan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
2026-yilda Sirdaryo viloyatida 40 ta yangi loyiha amalga oshiriladi

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. U yig‘ilishda viloyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va amalga oshirilgan islohotlarni alohida ta’kidladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
5-dekabr kuni xorijiy valyutalarni qaysi banklarda qulay narxda almashtirish mumkin

Banklar 5-dekabr kungi xorijiy valyutalarni ayirboshlash kurslarini yangiladi. Kursiv Uzbekistan eng yaxshi narxdagi xorijiy valyuta kurslari haqidagi ma’lumotni taqdim qiladi.
Valyuta sotib olish uchun eng qulay banklar
| Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
|---|---|---|
| USD | 11 970 so‘m | «Tengebank» |
| EUR | 14 020 so‘m | «Milliybank» |
| RUB | 156 so‘m | «Infinbank», «SQB» |
Valyuta sotish uchun eng qulay banklar
| Valyuta | Eng yuqori kurs (sotish) | Bank nomi |
|---|---|---|
| USD | 11 950 so‘m | «Asakabank» |
| EUR | 13 750 so‘m | «Infinbank» |
| RUB | 145 so‘m | «Infinbank», «Kapitalbank» |
Maktablarda qishki ta’til sanalari aniq bo‘ldi

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til 28-dekabrdan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Bunda boshlang‘ich sinflar (1 – 4-sinflar) uchun ta’til bir kun oldin, ya’ni 27-dekabr, shanba kuni start oladi. Ta’til muddati 14 kun bo‘lib, 2026-yil 10-yanvargacha davom etadi.
Vikipediya 2025-yilning eng ko‘p o‘qilgan sahifalarini e’lon qildi
Vikipediya 2025-yilda eng ko‘p o‘qilgan maqolalar siyosatchilar, ommaviy madaniyat vakillari, filmlar hamda seriallar haqida bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Afisha Daily nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, eng ko‘p o‘qilgan sahifa – Charlie Kirk haqidagi maqola bo‘ldi. Amerikalik, siyosiy faollik bilan tanilgan Kirkning sentabr oyida o‘tkazgan universitet debatlarida o‘ldirilishi jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otdi. Voqeadan keyingi bir sutkada maqola 15 million marotaba ko‘rildi, bu soniyasiga 170 dan ortiq o‘qish demakdir. Qiziqarli tomoni, sahifa o‘quvchilarining 43 foizi AQShdan tashqaridagi foydalanuvchilar bo‘lgan.
Bugun O‘zbekiston «JCh – 2026»dagi raqiblarini bilib oladi
Bugun Vashington shahridagi Kennedi markazida Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu tadbirda ishtirok etish uchun AQShga yetib bordi. Delegatsiya tarkibidan O‘FA rahbariyati, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro hamda o‘zbek futbolining tirik afsonasi Mirjalol Qosimov o‘rin olgan.
Eng ishonchli avtomobil brendlari e’lon qilindi

Consumer Reports eng ishonchli avtomobil brendlari bo‘yicha yangi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Subaru ketma-ket ikkinchi yil eng ishonchli avtomobil brendi deb topildi.
Subaru Toyota va Hondani, hatto BMW va Porsche kabi premium brendlarni ham ortda qoldirdi.
Gulistondagi portlash bo‘yicha uch kishi qamoqqa olindi

Ichki ishlar vazirligi Gulistondagi oshxonalardan birida gaz balloni portlashi yuzasidan uch nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olinganini ma’lum qildi.
Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 2-dekabr kuni Bek Family Cafe’da noto‘g‘ri o‘rnatilgan gaz balloni sabab portlash sodir bo‘lgan. Hodisa oqibatida 29 kishi jarohat olgan, uch kishi vafot etgan. Shifokorlarning aytishicha, jabrlanganlardan birining ahvoli juda og‘ir.
O‘zbekistonda 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushirildi

O‘zbekistonda $11 milliardlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlari ishga tushirildi, yana 21 ta yirik loyiha qurilishiga start berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida hududlarda jami 3,5 ming megavatt quvvatga ega 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiyalar foydalanishga topshirilishini ma’lum qildi. Ular to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 15 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Natijada 2026-yilda «yashil» energiya hajmi 23 mlrd kVt-soatga yetadi.
Endi Yandex Go orqali tez jo‘natma yuborish mumkin

Yandex Go ilovasida shaharlararo jo‘natmalarni yetkazib beruvchi xizmat ishga tushirildi. Buyurtmalar Market Yandex Go punktlari orqali bir kundan boshlab yetkazib beriladi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga xabar berdi.
Hozirgi bosqichda jo‘natmalar Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona shaharlari o‘rtasida amalga oshirilmoqda. Kelgusida xizmat ko‘rsatish hududi bosqichma-bosqich kengaytirlishi rejalashtirilgan. Jarayon to‘liq ilovada rasmiylashtiriladi. Yuboruvchi va qabul qiluvchi ma’lumotlari kiritilib, yaqin oradagi topshirish punkti tanlanadi. Qabul qiluvchi jo‘natmani o‘z shahridagi punktdan olib ketishi mumkin.
8-dekabrdan O‘zbekistonga sovuq va nam havo kirib keladi — «O‘zgidromet»

Joriy yilning 8–10-dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Tezkor gidrometeorologik axborotga ko‘ra, 8–9-dekabrda respublikaning ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘adi. Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda esa 8–10-dekabr davomida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), vaqti-vaqti bilan kuchli bo‘ladi.