O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajaga yetdi — 61,2 mlrd dollar

O‘zbekiston Markaziy banki xalqaro rezervlari noyabr oyida keskin oshib, tarixiy maksimumni yangiladi. 1-dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari $61,23 mlrdni tashkil etmoqda. Bu bir oyda $1,89 mlrdga o‘sish demakdir.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, oltin zaxiralari bir oyda $3 mlrdga oshib, $50,86 mlrdga yetdi. Oltinning fizik hajmi ham 0,3 mln unsiyaga ko‘payib, 12,2 mln troy unsiyani tashkil qildi.
Valyuta zaxiralari kamaydi
Oltin zaxiralari o‘sgan bo‘lsa-da, valyuta zaxiralari $1,09 mlrdga qisqarib, $9,81 mlrd bo‘ldi. Shundan:
- xorijiy markaziy banklar va XVJdagi hisoblarda — $979,4 mln,
- xorijiy banklardagi omonatlar — $7,3 mlrdni tashkil etdi.
Qimmatli qog‘ozlar ulushi ortmoqda
Markaziy bank portfelidagi qimmatli qog‘ozlar qiymati oy davomida $503 mlnga, ya’ni 50% ga oshib, $1,52 mlrdga yetdi. Ularning rezervlar tarkibidagi ulushi hozirda 2,5 foizni tashkil etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston oktabr oyida eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlardan biri bo‘lgani haqida yozgandi.