Berlinda O‘zbekiston savdo uyi ochildi

Germaniya poytaxti Berlinda O‘zbekiston mahsulotlarini targ‘ib etishga qaratilgan «UZ Trade House Germany GmbH» savdo uyi rasman ochildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Savdo uyi Berlin markazida, Brandenburger Tor yonidagi «Adlon» mehmonxonasi binosida faoliyat yuritadi. U yerda O‘zbekiston to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika va boshqa sanoat tarmoqlarining eksportbop mahsulotlari doimiy ravishda namoyish etiladi.
O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov savdo uyiga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Germaniyadagi rasmiy hamkori maqomi berilganini ta’kidladi. U nemis tadbirkorlariga minnatdorlik bildirib, yangi platforma Germaniya bozorida yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulot va xomashyo eksportini kengaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Shuningdek, Germaniya Bundestagi deputati Saskia Lyudvig, savdo uyi rahbari Jon Bakos va Germaniya kichik va o‘rta biznes federal uyushmasi rahbari Andreas Yan so‘zga chiqib, O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan samarali islohotlar tufayli mamlakatimiz iqtisodiy va savdo salohiyati yuksalayotgani, nemis kompaniyalarining hamkorlikka qiziqishi ortayotgani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda «Yangi O‘zbekiston» massivi va bog‘i barpo etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.