Qaysi biri foydaliroq: telefon uchun pul yig‘ishmi yoki muddatli to‘lov

eʼlon qilindi
Kichik xarajatlar ortidan katta moliyaviy farq paydo bo‘ladi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonga 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida xorijdan qiymati $370,8 mlnga teng bo‘lgan 3,2 mln dona mobil telefon import qilingan. Telefonlar qimmatlashib va model turlari ko‘payib borayotgan bir paytda ko‘pchilik oldida tanlov paydo bo‘ladi: yaxshi smartfon uchun pul yig‘ib, keyin sotib olishmi yoki muddatli to‘lovga xarid qilishmi? Bu masalada to‘g‘ri yo‘lni topish uchun Kursiv Uzbekistan ikki variantni pul oqimi, psixologik omillar va real misollar asosida solishtiradi.

Ushbu maqoladan nimalarni bilib olasiz:

Nima uchun tanlov qiyinlashmoqda

Zamonaviy iqtisodga asoslangan hayotda har ikki usulning o‘ziga xos afzalliklari bor, lekin ko‘pchilik o‘ylab tanlov qilmaydi. Natijada uzoq muddatli majburiyatlar, ortiqcha xarajatlar va rejalashtirilmagan moliyaviy bosimga duch keladi.

Bugungi kunda telefon nafaqat aloqa vositasi, balki ish, ta’lim, to‘lovlar, foto va kontent bilan ishlashning asosiy platformasi. Shu bois ko‘plab foydalanuvchilar uchun zamonaviy modelga ega bo‘lish muhim.

Biroq narxlar bir necha yil oldingidan ancha baland. Flagman smartfonlar 10–15 million so‘mdan, o‘rta sinf modellari 4–8 million so‘mdan boshlanadi.

Foto: My Mobile India

Ko‘pchilik uchun bunday pulni birdaniga to‘lash qiyin bo‘lgani sabab muddatli to‘lovlar ommaviylashdi.

Lekin shu bilan birga, odamlar mayda kunlik xarajatlarni, mikrokreditlar, kuryer xizmatlari, kofe va pullik obunalarni nazorat qilmasa, oy va yil yakunida sezilarli miqdor yo‘qotmoqda.

Pul yig‘ib telefon olish: afzalliklari va kamchiliklari

Afzalliklari:

1) Qo‘shimcha foiz yo‘q. Siz faqat telefonning asl narxini to‘laysiz. Hech qanday ortiqcha to‘lov bo‘lmaydi.

2) Moliyaviy intizom shakllanadi: maqsad uchun jamg‘armoq — xarajatlarni nazorat qilishni o‘rgatadi, mayda xarajatlarni kamaytiradi.

Foto: depositphotos.com

3) Stress yo‘q, majburiyat yo‘q: kutilmagan daromad kamayishi yoki ish almashishi sizga zarar qilmaydi — chunki kredit yo‘q.

4) Arzonroq narxda olish imkoni: ko‘pincha aksiyalar, chegirmalar, «Juma aksiyalari» kabi kunlarda pul bor bo‘lsa, eng qulay narxda sotib olish mumkin.

Kamchiliklari:

1) Yangi telefonni uzoq kutasiz. Texnika tez eskiradigan bozorda uni kutish ba’zan noqulaylik va umidsizlikni keltirib chiqaradi.

2) Jamg‘arish qiyin bo‘lishi mumkin: har oy pul yig‘ishni hamma ham uddalay olmaydi — mayda xarajatlar rejani buzadi.

3) Narxlar o‘sib ketishi mumkin: yig‘ib bo‘lguncha model narxi ko‘tarilib ketishi ehtimoli bor.

Muddatli to‘lov: afzalliklari va xavflari

Afzalliklari:

1) Telefon darhol qo‘lingizda. Ish, o‘qish yoki biznes uchun tezda texnika kerak bo‘lsa bu eng tez yechim.

2) Budjetga yengilroq ta’sir qiladi: katta summani birdan to‘lamaysiz, 6–12 oyga bo‘lib to‘laysiz.

3) Kafolat va xizmatlar odatda saqlanadi: rasmiy do‘konlar muddatli to‘lovga ham to‘liq xizmat ko‘rsatadi.

Kamchiliklari:

1) Ortiqcha to‘lov (foiz yoki yashirin to‘lovlar): ko‘pchilik do‘konlarda 6 oy — deyarli foizsiz, 12 oy — 15–25 foizgacha qo‘shimcha to‘lov, 18–24 oy — 30–40 foizgacha ortiqcha xarajat bo‘ladi.

2) Kechikishlar kredit tarixiga zarar: bir-ikki kechikish ham banklar oldida «obro‘»ni tushiradi.

Foto: depositphotos.com

3) Ko‘p muddatli majburiyat stressi: oylik to‘lov — bu majburiyat. Daromad pasaysa, to‘lov qiyinlashadi.

4) Psixologik tuzoq: «o‘zi arzon-ku». Ko‘p odam 300–400 ming oylik to‘lovni arzondek ko‘radi,
lekin boshqa mayda to‘lovlar bilan birga bu 1,5–2 millionlik oylik bosimga aylanadi.

Qaysi variant haqiqatan foydaliroq

Quyida aniq misol keltiramiz: Misol: telefon narxi — 6 mln so‘m.

A) Jamg‘arib sotib olish

  • 6 mln so‘m — yakuniy narx.
    Ortiqcha to‘lov: 0 so‘m

Agar har oy 500 000 so‘m yig‘ilsa — 12 oyda telefonga ega bo‘lasiz.

B) Muddatli to‘lov 12 oy, 20% ortiqcha to‘lov

  • Telefon narxi: 6 mln so‘m
  • Ortiqcha to‘lov: +1,2 mln so‘m
  • Yakuniy narx: 7,2 mln so‘m

Oylik to‘lov: 600 000 so‘m

Farq: 1,2 mln so‘m.

Bu pulga siz yashash uchun 1 oylik ijara haqini, 3 ta o‘quv kursi yoki uy xarajatlarining bir qismini qoplay olgan bo‘lardingiz. Demak, foizli muddatli to‘lov — har doim qimmatroq.

Qachon muddatli to‘lovni tanlash kerak

Muddatli to‘lov ma’qul bo‘ladigan holatlar:

  • telefon ish uchun zarur bo‘lsa (kontekt yaratuvchi, haydovchi, onlayn dars beruvchi);
  • daromad barqaror bo‘lsa;
  • 0% yoki 6 oylik haqiqiy foizsiz taklif bo‘lsa;
  • eski telefon jiddiy nosozlikka uchrasa.

Qachon pul yig‘ib olish yaxshiroq

  • daromad o‘zgaruvchan bo‘lsa;
  • ortiqcha to‘lov qilishni istamasa;
  • bir nechta kredit yoki muddatli to‘lov mavjud bo‘lsa;
  • moliyaviy intizomni yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan bo‘lsa;
  • telefon shunchaki «xohish» uchun kerak bo‘lsa.

Xulosa: eng foydali yo‘l — cho‘ntakka qarab ish ko‘rish

Agar shoshilinch ehtiyoj bo‘lmasa — jamg‘arib sotib olish har doim iqtisodiy jihatdan foydaliroq. Bu intizomni mustahkamlaydi, ortiqcha to‘lovlarsiz xarid qilish imkonini beradi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida o‘tkazgan so‘rovnomamizda ham 80% qatnashchilar naqd pul to‘plab telefon xarid qilishni tanlagan. Ammo, ba’zilar muddatli to‘lov ham zarar qilmasligini eslatib o‘tgan.

Agar telefon darhol kerak bo‘lsa va moliyaviy ahvol barqaror bo‘lsa — foizsiz muddatli to‘lov eng yaxshi variant.

Ammo har qanday holatda ham mayda xarajatlar — obunalar, yetkazib berish, kofe, kichik kreditlar oy yakunida sezilarli pulni «yeb qo‘yadi». Shu xarajatlarni optimallashtirish ko‘pincha telefonga pul yig‘ishni osonlashtiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan emotsiyaga berilib pul sarflashni qanday to‘xtatish mumkinligi haqida yozgandi.

Shuningdek