Papa John’s pitsa tarmog‘i Qozog‘iston va Qirg‘izistonda faoliyatini to‘liq to‘xtatdi

Amerikaning Papa John’s pitsa tarmog‘i Qozog‘iston va Qirg‘izistonda to‘liq yopilmoqda. Kursiv Media dunyodagi uchinchi eng yirik pitsa tarmog‘i nima uchun Markaziy Osiyodan chiqib ketayotgani haqida ma’lumot berdi.
Restorator Daniyar Monolbayev o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qilishicha, uning kompaniyasi Papa John’s brendi bo‘yicha Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi master-franchayzi sifatida faoliyatni tugatmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, daromadning uzoq muddat kamayishi va xarajatlarning oshishi bunday qarorni qabul qilishga majbur qilgan.
«Mavjud barcha mablag‘lar eng muhim to‘lovlarga yo‘naltirildi: ish haqi, soliqlar, ijara majburiyatlari va qarzlarning bir qismini to‘lash. Qozog‘istonda ham aksariyat xodimlarga boshqa kompaniyalarda ishlashni davom ettirishga yordam berishga muvaffaq bo‘ldik», — deydi tadbirkor.
Monolbayevning so‘zlariga ko‘ra, qolgan majburiyatlar hozir huquqiy tartibda hal etilyapti. Bu vaqt talab qiladi va bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Papa John’s Qozog‘istonga 2018-yilda kirib kelgan. Uni mamlakat bozoriga qirg‘izistonlik tadbirkor Daniyar Monolbayev olib kirgan. 2021-yilda u 2020-yilda savdo hajmi 42 foizga o‘sgani, 2021-yilda esa yillik daromad yana 40 foiz oshgani haqida xabar bergandi.
2025-yil noyabrida Forbes Olmaotadagi Papa John’sning olti filiiali o‘rnida O‘zbekistondagi Bellissimo Pizza tarmog‘i ish boshlashi haqida yozgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda Burger King’ning ilk filiali bir yarim oy ichida ochilishi mumkinligi xabar qilingandi. Bu haqda Oʻzbekiston 24 kanaliga International Beverages Tashkent kompaniyasi asoschisi Shuhrat Ergashov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur kompaniya Burger King’ni mamlakatga jalb qilmoqda. Uning aytishicha, yangi bozorlarga chiqishdan oldin kompaniya odatda raqobatchilar, masalan, McDonald’s mavjudligini baholaydi. Kutilishicha, bir yarim oy ichida birinchi nuqtalar ishga tushadi va vaqt o‘tishi bilan restoranlar butun mamlakat bo‘ylab ochilishi rejalashtirilgan.