Kun tarixi: Hindiston poytaxtining ko‘chirilishi, topilgan «Mona Liza» va Yulduz Usmonova tavalludi

12-dekabr sanasi nafaqat siyosiy o‘zgarishlar, balki madaniyat va sport olamidagi yorqin voqealar bilan ham tarix sahifalaridan o‘rin olgan. Hindistonda poytaxt o‘zgarishidan tortib, san’at durdonasining topilishi va sportdagi yangi chempionlargacha. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealari xronologik tartibda taqdim etadi.
XX asr boshlarida, aniqrog‘i 1909-yili Jizzaxda o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Hamid Olimjon tavallud topdi. U keyinchalik o‘zining lirik she’rlari va dostonlari bilan milliy madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.

Oradan ikki yil o‘tib, 1911-yilda Hindistonda katta siyosiy o‘zgarish yuz berdi. Mamlakat poytaxtini Kalkuttadan Dehliga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu qadam Dehlining strategik ahamiyatini oshirib, mintaqa tarixida yangi davrni boshlab berdi.

San’at ixlosmandlari uchun 1913-yilning 12-dekabri unutilmas kunga aylandi. Ikki yil avval Parijning Luvr muzeyidan sirli ravishda yo‘qolgan Leonardo da Vinchining mashhur «Mona Liza» asari Florensiyada topildi. Ma’lum bo‘lishicha, asarni muzeyning sobiq xodimi vatanparvarlik hissi bilan Italiyaga qaytarish maqsadida olib qochgan ekan.
Qirg‘izistonning Talas vodiysida 1928-yili Chingiz Aytmatov dunyoga keldi. Uning asarlari keyinchalik jahon adabiyotining oltin fondidan joy olib, insoniyat va tabiat o‘rtasidagi rishtalarni butun dunyoga tanitdi. Aytmatov asarlari dunyoning 100 dan ortiq tillariga tarjima qilingan.

San’at olamidagi yana bir muhim sana. 1963-yili shu kuni o‘zbek estradasi namoyandasi Yulduz Usmonova tavallud topdi. U o‘zining betakror ijodi bilan nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro maydonlarda ham e’tirof qozondi.

1979-yil Koreya yarimorolida notinchlik bilan yodda qoldi. General Chon Du Xvan boshchiligidagi harbiylar Seulda davlat to‘ntarishini amalga oshirib, mamlakatda harbiy rejimni o‘rnatdi. Chon Du Xvan mamlakatni 1988-yilga qadar boshqargan. 1996-yilda u davlatga xiyonatda ayblangan va umrbod qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Yaqin tarixga nazar tashlasak, 12-dekabr sport olamida ham muhim sanaga aylangan. 2021-yilda niderlandiyalik Maks Ferstappen Formula-1 poygalarida o‘zining ilk jahon chempionligini nishonlagan bo‘lsa, 2024-yilda hindistonlik Gukesh Dommaraju shaxmat tarixidagi eng yosh jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lib, yangi rekord o‘rnatdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 11-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.