AQSh politsiyasi fotorobot yaratishda SIdan foydalanishni boshladi

AQShda politsiya fotorobot tayyorlash jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etmoqda. Bu usul orqali an’anaviy qo‘lda chiziladigan fotorobotlarga nisbatan yanada realistik tasvirlar olish mumkin, deya xabar bermoqda Washington Post nashri.
Noyabr oyida Feniks shahri chekkasida sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng mahalliy politsiya gumonlanuvchining sun’iy intellekt yordamida yaratilgan fotorobotini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, ushbu tasvir oddiy fotorobotlardan farqli ravishda haqiqiy suratga o‘xshash bo‘lgan.
Fotorobot yaratish jarayoni odatdagi tamoyillarga asoslangan bo‘lsa-da, bunda sun’iy intellekt vositalari qo‘llanilgan. Fotorobotlar tayyorlash uchun mas’ul politsiya xodimi ushbu texnologiyadan aprel oyidan beri foydalanayotganini va natijalar haqiqatga juda yaqin chiqayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, SI yordamida yaratilgan fotorobotlar odamlar e’tiborini ancha kuchli jalb qiladi, chunki vizual ma’lumot tez qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google iOS uchun Chrome’da Gemini SI yordamchisini ishga tushirgan edi.