
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionatining yarim final bahslari o‘z yakuniga yetdi. O‘zbekiston vakillaridan olti nafari raqiblarini mag‘lub etib, oltin medal uchun kurashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Yarim finalning eng e’tiborli janglaridan birida -80 kg vazn toifasida harakat qilayotgan Javohir Ummataliyev kubalik ikki karra Olimpiada chempioni Arlen Lopesni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, katta sensatsiya qayd etdi.

Shuningdek, -51 kg vaznda Hasanboy Do‘smatov, -60 kg vaznda Abdumalik Xalokov va -67 kg vaznda Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev o‘z raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Og‘ir vazn toifalarida ham muvaffaqiyatli natijalar qayd etildi. -92 kg vazn toifasida To‘rabek Habibullayev Ozarbayjon sharafini himoya qilayotgan Alfonso Dominges ustidan (5:0), +92 kg vaznda esa Arman Maxanov armanistonlik Davit Chaloyan ustidan (5:2) ustun keldi.

Uch nafar o‘zbekistonlik bokschi musobaqani bronza medali bilan yakunladi. -57 kg vaznda Xo‘janazar Nortojiyev tojikistonlik Xusravxon Rahimovga, -54 kg vaznda esa Asilbek Jalilov rossiyalik Vyacheslav Rogozinga 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shuningdek, Fazliddin Erkinboyev ham bronza medalini qabul qilib oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shohjahon Ergashev Samarqandda kongolik bokschiga qarshi ringga ko‘tarilishi haqida xabar bergan edi.