Jahon banki O‘zbekiston talabalari uchun 250 million dollar ajratadi

eʼlon qilindi
Mablag‘lar EduImkon dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi
jahon banki
Jahon banki O‘zbekiston talabalari uchun 250 million dollar ajratadi / Foto: World Bank

Jahon banki O‘zbekistonda talabalarni moliyalashtirish tizimini modernizatsiya qilish uchun $250 mln miqdorida kredit ajratishni ma’qulladi. Bunda mablag‘lar EduImkon dasturini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Dastur 2026 – 2028-yillarda amalga oshiriladi va oliy, texnik hamda kasb-hunar ta’limida o‘qiyotgan 600 ming nafar yosh uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Kredit mablag‘larining qariyb 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari va xotin-qizlarga ajratiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb uch barobarga oshdi. Oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 2017-yildagi sakkiz foizdan 2024-yilda 48 foizga yetdi. Shu bilan birga, talabalarga beriladigan kreditlar tizimi budjetga bosim qilayotgani qayd etilmoqda.

Mutaxassislar mavjud tizim mehnat bozori ehtiyojlarini yetarli hisobga olmayotganini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, STEM va IT yo‘nalishlariga kreditlar yetarli darajada yo‘naltirilmayapti. Holbuki, aynan shu sohalarda yuqori maoshli ish o‘rinlariga talab katta.

EduImkon dasturi doirasida ta’lim kreditlari tizimi soddalashtiriladi, yagona onlayn platforma ishga tushiriladi va kredit ajratish jarayonida shaffoflik oshiriladi. Shuningdek, daromadga bog‘liq qaytarish mexanizmi joriy etilishi rejalashtirilgan.

2028-yil oxiriga qadar ta’lim kreditlari 12 ta tijorat banki orqali ajratiladi. Dastur, shuningdek, qo‘shimcha $30 mln xususiy kapitalni jalb qilib, Davlat budjetiga tushayotgan yukni kamaytirishga xizmat qiladi.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga $800 mlnlik imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagandi. Bank ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ayollarni mehnatdagi tazyiqlardan himoya qilish, ijtimoiy xizmatlar va raqobat muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek