Toshkentda «Van Gog bo‘lish» nomli yangi multimedia ko‘rgazmasi ochildi — foto

Poytaxtdagi Tashkent City Mall’da XIX asrning rassomlaridan biri Vinsent van Gog hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Van Gog bo‘lish» nomli multimedia ko‘rgazmasi ish boshladi. Bu haqda ma’lumotlar Kursiv’ga ma’lum qilindi. Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan taqdim etilmoqda.





Loyiha ilgari ham taqdim etilgan bo‘lib, o‘sha paytda katta qiziqish uyg‘otgandi. Yangi namoyish esa to‘liq yangilangan va 1400 kv.m maydonga moslashtirilgan. Bu kengayish vizual tarkibni boyitish va Van Gog merosini yanada to‘liq yoritish imkonini berdi.
Yangi ekspozitsiya tarkibiga ikki asosiy multimedia shousi hamda rassomning shaxsiyati, ichki dunyosi, ijodiy shakllanishi va emotsional merosini ochib beruvchi uchta tematik zona kiradi.





«Van Gog bo‘lish» loyihasi rassom biografiyasiga yangicha yondashuvni taklif qiladi: uning ilk ijodiy izlanishlaridan tortib, dunyo san’ati rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan noyob badiiy tilining shakllanishigacha bo‘lgan jarayonlarni namoyish etadi.





Ko‘rgazma uch oy davomida ishlaydi
Ish vaqti:
- dushanba – payshanba: soat 10:00 – 23:00
- juma – yakshanba: soat 10:00 – 00:00
- har payshanba — bepul kirish (jonli navbat asosida)
Chipta narxlari:
- juma, shanba, yakshanba — 60 ming so‘m;
- boshqa kunlar — 40 ming so‘m;
- maktab o‘quvchilari, talabalar va pensionerlarga Iticket kassasida — 50% chegirma;
- maxsus maktab va internat o‘quvchilariga — bepul;
- 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga — bepul.
Jamg‘arma jurnalistlar uchun ko‘rgazmaga bepul tashrif imkonini taqdim etadi. Buning uchun tashrif kuni va jurnalistlar ro‘yxatini oldindan tasdiqlash talab qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro avtomobillar ko‘rgazmasi qanday o‘tgani haqida yozgandi.