
Finlyandiyaning «Haka» futbol klubiga tegishli stadionda yirik yong‘in yuz berdi. Hodisa oqibatida yaqindagina yuqori divizionni tark etgan klub o‘yingohining asosiy tribunasi butunlay yonib ketgan. Bu haqda The Sun xabar bermoqda.
Valkeakoski shahri politsiyasi voqea yuzasidan uch nafar o‘smirni hibsga olganini, ulardan biri 15 yoshli bola o‘t qo‘yganini tan olganini ma’lum qildi. Klub raisi Marko Larsson hodisa jamoa uchun og‘ir zarba bo‘lganini va moliyaviy zarar miqdori katta ekanini ta’kidladi. «Haka» bosh direktori Olli Huttunenning so‘zlariga ko‘ra, asosiy tribuna karkasi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, u buzib tashlanishi kerak.
Mazkur voqea oktabr oyida oliy ligadan tushib ketgan klub uchun navbatdagi muvaffaqiyatsizlik bo‘ldi. «Haka» o‘z tarixida to‘qqiz marta mamlakat chempioni bo‘lgan hamda yevrokuboklarda Angliyaning «Liverpul» va «Fulhem» kabi klublariga qarshi maydonga tushgan.
Tergovchi Mayyastina Tammistoning aytishicha, hodisa ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan, biroq politsiya aholini asossiz mish-mishlardan tiyilishga chaqirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Braziliyada BMTning iqlim sammiti paytida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.