Kun tarixi: AQShdagi huquqiy islohot, «Venera 7»ning muvaffaqiyati va Eyfel minorasi muhandisi

eʼlon qilindi
15-dekabrda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Eyfel minorasi / Foto: Pelago

Bugungi sana inson huquqlarining huquqiy kafolati va koinotni o‘rganishdagi yutuqlar bilan tarixga kirdi. Shuningdek, ushbu kunda jahon arxitekturasi durdonalarini yaratgan muhandis va sport yulduzlari dunyoga kelgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini taqdim etadi.

1791-yili AQShda Konstitutsiyaning dastlabki 10 ta tuzatmasi Virjiniya shtati tomonidan ratifikatsiya qilingach, rasman kuchga kirdi. Jeyms Medison tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjat Amerika fuqarolarining so‘z, din, matbuot va yig‘ilishlar erkinligini kafolatladi hamda federal hukumat vakolatlarini cheklashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi.

Gustav Eiffel / Foto: Britannica

1832-yilda metall konstruksiyalar mutaxassis, fransuz muhandisi Gustav Eiffel tavallud topdi. U nafaqat Parij ramzi bo‘lgan 300 metrlik minorani bunyod etgan, balki Nyu-Yorkdagi mashhur Ozodlik haykalining ichki po‘lat karkasini loyihalashda ham asosiy muhandis sifatida ishtirok etgan.

Foto: Daily Meal

1903-yili Italo Marchiony muzqaymoq uchun maxsus vafli idishlarini (konus) ishlab chiqaruvchi qolipga AQShda patent oldi. Ungacha muzqaymoqlar shisha idishlarda yoki qog‘ozda sotilgan bo‘lib, bu gigiyenik jihatdan noqulay edi. Marchiony ixtirosi esa ushbu sanoatni butunlay o‘zgartirib yubordi.

Foto: My London

1906-yilda London metrosining eng uzun va gavjum tarmoqlaridan biri Piccadilly liniyasi rasman ishga tushirildi. Yer osti transportining rivojlanishida muhim bosqich bo‘lgan ushbu liniya London markazini chekka hududlar bilan bog‘lab, megapolis transport tizimi samaradorligini oshirdi.

Foto: Space

1970-yili Sovet Ittifoqining «Venera 7» sayyoralararo stansiyasi insoniyat tarixida ilk bor Venera sirtiga qo‘nishni amalga oshirdi. Apparat ekstremal sharoitda 475 daraja issiq va 90 atmosfera bosimi ostida 23 daqiqa davomida ishladi va Yerga qimmatli ma’lumotlarni uzatib, sayyora sirti qattiq jinslardan iborat ekanini isbotladi.

Foto: No Bad Movie

1979-yilda amerikalik aktyor va musiqachi Adam Brody dunyoga keldi. U o‘z faoliyati davomida «The O.C.» serialidagi Set Koen roli orqali mashhurlikka erishgan bo‘lib, keyinchalik Gollivudning bir qator muvaffaqiyatli loyihalarida ishtirok etdi.

Jesse Lingard / Foto: MARCA

1992-yilda Angliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted» klubining sobiq yarim himoyachisi Jesse Lingard tavallud topdi. U o‘zining texnikasi bilan tanilgan bo‘lib, «Manchester Yunayted», «Vest Hem» va «Nottengem Forest» kabi klublar sharafini himoya qilgan.

Foto: The Atlantic

2000-yili Ukrainadagi Chernobil atom elektr stansiyasining so‘nggi – uchinchi energobloki to‘xtatildi. 1986-yilgi halokatdan so‘ng xalqaro hamjamiyat bosimi va xavfsizlik talablari ostida qabul qilingan ushbu qaror dunyodagi eng yirik texnogen ofat o‘chog‘idagi elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayoniga butunlay yakun yasadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 14-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek