Jidda – Toshkent reysi Bahraynga majburiy qo‘ndi

eʼlon qilindi
Ekipajning tezkor harakati tufayli yuragi to‘xtab qolgan yo‘lovchining hayoti saqlab qolindi
Foto: Air Marakanda

Air Samarkand aviakompaniyasining Jidda – Toshkent yo‘nalishidagi 9S-3306 reysi bortdagi favqulodda tibbiy holat sababli Bahrayn aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, parvoz vaqtida keksa yoshli ayol yo‘lovchining yuragi to‘xtab qolgan. Havo kemasi komandiri Roman Degtev va ikkinchi uchuvchi Yegor Smirnov vaziyatga tezkor baho berib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun eng yaqin aeroportga qo‘nishga qaror qilgan.

Svetlana Bolkonskaya boshchiligidagi bortkuzatuvchilar guruhi qo‘nishga qadar yo‘lovchiga zarur barcha yordamni ko‘rsatib kelgan. Yerda mahalliy shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralar natijasida yo‘lovchining ahvoli barqarorlashtirilgan.

Foto: Air Cargo Week

Bemor keyingi muolajalar uchun Bahrayndagi mahalliy klinikaga olib ketilgan. Samolyot yonilg‘i to‘ldirilgach, parvozni davom ettirgan va Toshkentga taxminan 2 soatlik kechikish bilan yetib kelgan. Layner mahalliy vaqt bilan soat 09:49 da poytaxt aeroportiga omon-eson qo‘ngan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Centrum Air aviakompaniyasi o‘n ikkinchi samolyotini xarid qilgan haqida xabar bergan edi.

Shuningdek