Chevrolet Cobalt avtomobili Qozog‘istonda eng ko‘p sotildi

16-dekabr 2025 09:33 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt avtomobili / Foto: Kolesa.kz

2025-yil noyabr oyida Qozog‘iston avtomobil bozorida Chevrolet Cobalt avtomobili tarixiy rekord natija qayd etdi. Bu haqda Qozog‘iston avtomobil ittifoqi xabar berdi.

Noyabr oyida rasmiy dilerlar 25,8 mingta yangi avtomobil sotdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,7 foizga ko‘p. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, bu mamlakat tarixidagi eng yuqori oylik natija hisoblanadi.

Yanvar – noyabr oylarida jami savdo hajmi 207,6 ming donaga yetdi. Bu 2025-yil Qozog‘iston avtomobil bozori uchun eng muvaffaqiyatli yil bo‘lishini tasdiqlaydi.

Noyabr oyida eng ko‘p sotilgan model Chevrolet Cobalt bo‘ldi. Dilerlar 7,1 mingta Cobalt sotdi. Bu ikkinchi o‘rindagi Hyundai Tucson natijasidan qariyb to‘rt barobar ko‘p. Tucson 1,9 ming dona bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Foto: Kao.kz

Uchinchi pog‘onada Kia Sportage joy oldi. Uning savdosi 1,3 ming donani tashkil etdi. To‘rtinchi o‘rinda Hyundai Mufasa bo‘lib, 1,01 mingta avtomobil sotildi.

TOP – 10 ro‘yxatiga Hyundai Elantra, Haval M6, Hyundai Santa Fe, Chevrolet Onix, Changan CS55 Plus va Hyundai Sonata ham kirdi. E’tiborlisi, ushbu modellar Qozog‘istonda ishlab chiqariladi.

Brendlar kesimida noyabr oyida Chevrolet yetakchiga aylandi. Kompaniya 7,8 mingta avtomobil sotdi. Yillik o‘sish 76 foizni tashkil etdi. Hyundai 5,2 mingta avtomobil bilan ikkinchi bo‘ldi. Kia esa qariyb 2 ming dona natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.

11 oy yakuniga ko‘ra, bozorda yetakchilik Hyundai’da saqlanib qolmoqda. Biroq Chevrolet, ayniqsa, Cobalt modeli hisobiga farqni tez qisqartirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Cobalt Midnight qanday yangilanishlar bilan taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek