O‘zbekiston ikkita xalqaro fan olimpiadalariga mezbonlik qiladi

2026-yilda o‘tkaziladigan 58-Xalqaro kimyo va 38-Xalqaro informatika olimpiadalariga ilk bor O‘zbekiston mezbonlik qiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
2025-yilda BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan Xalqaro kimyo olimpiadasida O‘zbekiston ikkita oltin va ikkita kumush medalni qo‘lga kiritgan edi. 2024-yilda esa nufuzli olimpiadaga Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahri mezbonlik qilgan.
Shuningdek, mazkur yilgi 37-Xalqaro informatika olimpiadasi Boliviyaning Sukre shahrida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston nomidan qatnashgan o‘quvchilar bitta kumush va bitta bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Ma’lumot uchun, o‘tgan yilgi Xalqaro informatika olimpiadasi Misrdagi Aleksandriya shahrida tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi maktablarda Erp.portfolio platformasi yaratilishi haqida xabar bergan edik.