Wildberries O‘zbekistonda WB Taxi ilovasini ishga tushirdi

Wildberries kompaniyasi O‘zbekistonda WB Taxi nomli taksi buyurtma qilish uchun mobil ilovani ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Ilova Play Market va App Store’da O‘zbekiston foydalanuvchilari uchun mavjud. Shuningdek, u Rossiyada ham yuklab olinishi mumkin.
Ilovadan foydalanishni shaxsiy taklif havolasi orqali yoki ilovani yuklab olib, kutish ro‘yxatiga ariza topshirish orqali boshlash mumkin. Ulangan foydalanuvchilarga safar narxining 50 foizi miqdorida keshbek «tarvuzlar» ko‘rinishida qaytariladi. Bu kompaniyaning virtual valyutasi bo‘lib, naqd pulsiz to‘lovlarda beriladi. Har bir yangi foydalanuvchiga ilovani o‘rnatganda 20 ming «tarvuz» sovg‘a qilinadi va ularni keyingi safarlarda ishlatish mumkin.
WB Taxi’da to‘rtta tarif mavjud: «Standart», «Komfort», «Komfort Plus» va «Multi». «Multi» tarifi bir vaqtning o‘zida bir nechta tariflar bo‘yicha mashina qidirib, avtomobilni tezroq topishga yordam beradi.
Hozircha safarlar Toshkent shahri hududlari doirasida amalga oshiriladi. Ilovada 24 soatlik ovozli qo‘llab-quvvatlash va savol berish hamda fikr qoldirish mumkin bo‘lgan chat xizmati ham ishlaydi.
Avvalroq kompaniya mazkur xizmat orqali haydovchilar uchun ham yaxshi sharoitlar taklif etishini e’lon qilgandi. Past komissiya va xizmat sifati talablariga rioya qilinganda kunlik kafolatlangan daromad beriladi.