O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan eng muvaffaqiyatli tadbirkorlar reytingi e’lon qilindi

«Yuksalish» umummilliy harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh tadbirkorlar reytingini taqdim etdi.
Unga ko‘ra, reyting ikki bosqichda shakllantirilgan. Dastlab OAV, ijtimoiy tarmoqlar, biznes reytinglari, mukofotlar hamda ekspert va tadbirkorlar tavsiyalari asosida 100 nafar nomzod saralab olingan. Ular media faolligi, obro‘-e’tibori, innovatsion mahsulot va xizmatlari, erishilgan natijalari hamda biznesning ijtimoiy mas’uliyati kabi mezonlar bo‘yicha baholangan.
Ikkinchi bosqichda esa «Yuksalish» tomonidan belgilangan mezonlar asosida ekspertlik baholashi o‘tkazilib, 100 ballik tizimda 20 nafar eng yuqori natija ko‘rsatgan tadbirkordan iborat yakuniy ro‘yxat shakllantirilgan. Baholashda innovatsion g‘oya, iqtisodiy samaradorlik, barqarorlik, raqobatbardoshlik va jamiyatdagi obro‘-e’tibor alohida e’tiborga olingan.
Reytingning birinchi pog‘onasini reklama va brending bozorida sifat standartlarini oshirgan Sintez Agency asoschisi Alina Mirzayeva egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlardan mos ravishda Comfi B2B tizimi asoschisi Alisher Akbarov hamda United Ventures venchur fondi rahbari Azizbek Qurbanov joy oldi.
Shuningdek, reytingdan Bon! qahvaxonalar tarmog‘i asoschisi Behzod Ashurov, Safia asoschisi Bekzod Samigjanov, Cambridge o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi Jahongir Po‘latov, Bellissimo Pizza tarmog‘i asoschisi Farrux Abdullayev, Billz asoschisi Rustam Hamdamov va boshqa taniqli yosh tadbirkorlar ham o‘rin oldi.
Avvalroq «Kursiv» nashri «Yuksalish» harakati O‘zbekistonda 2025-yil 1-maydan kuchga kirgan yangi bojxona normalariga munosabat bildirgani haqida yozgandi.