Markaziy bank mukofot jamg‘armasi 100 million so‘mlik tanlov e’lon qildi

Markaziy bank oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar o‘rtasida CBU Challenge tanlovini o‘tkazishini ma’lum qildi.
Tanlovning asosiy maqsadi talabalarning iqtisodiyot va moliya bo‘yicha bilimlarini chuqurlashtirish, makroiqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish va pul-kredit siyosati yuzasidan qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, moliyaviy savodxonlik, muloqot va jamoada ishlash qobiliyatlarini oshirishdan iborat.
Tanlovda iqtisodiyot va moliya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavriatning 3-4-bosqich talabalari hamda magistrantlar ishtirok etishi mumkin. Jamoalar 4-5 nafar talaba va bir nafar maslahatchi o‘qituvchidan iborat bo‘ladi.
CBU Challenge ikki bosqichda o‘tkaziladi. Saralash bosqichida ishtirokchilar joriy iqtisodiy sharoit bo‘yicha tahliliy taqdimot tayyorlaydi. Yakuniy bosqichda esa pul-kredit siyosati tahlil etilib, asosiy stavka bo‘yicha asoslangan qaror qabul qilinadi va press-reliz taqdim etiladi.
G‘olib jamoalar diplomlar, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Tanlovning asosiy mukofoti 100 million so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, g‘oliblarga Markaziy bankda amaliyot o‘tash imkoniyati beriladi.
Tanlovga ro‘yxatdan o‘tish 10-yanvargacha davom etadi. 12 – 16-yanvar kunlari tanishtiruv tadbirlari o‘tkaziladi, 9 – 13-fevral kunlari saralash bosqichi bo‘lib o‘tadi. Final bosqichi mart oyida tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, aniq sana qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Markaziy banki raisi AFI direktorlar kengashi rais o‘rinbosari etib saylangani haqida yozgandi.