Osmonning zabt etilishi, Simpsonlar, Menni Pakyao va musiqa dahosi — kun tarixi

17-dekabr sanasi insoniyatning osmonni zabt etishi, jahon madaniyatidagi o‘lmas asarlar va diplomatiya tarixidagi muhim burilishlar bilan yodda qolgan. Shuningdek, sport va kino olamining yorqin yulduzlari tavallud topgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.
1770-yili nemis klassik musiqasining dahosi Lyudvig van Betxoven dunyoga keldi. U o‘zining simfoniyalari, sonatalari va konsertlari bilan musiqa olamida inqilobiy o‘zgarishlar yasagan bo‘lib, uning asarlari asrlar osha tinglovchilar qalbidan chuqur joy olgan. Uning «Oydin sonatasi» va «Elizaga» asarlari bugungi kunda ham insoniyat madaniy merosining eng nodir durdonalari sanaladi.

1777-yilda Fransiya Qirolligi AQSh mustaqilligini rasmiy tan oldi. Amerikalik diplomat Benjamin Franklinning sa’y-harakatlari bilan erishilgan ushbu kelishuv Britaniyaga qarshi urushda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Fransiya nafaqat diplomatik yordam, balki qurol-yarog‘ va flot bilan ham ko‘maklashib, Amerika inqilobining g‘alabasini ta’minladi.

1903-yili aviatsiya tarixida olamshumul voqea yuz berdi. Amerikalik ixtirochilar Orvill va Uilber Raytlar insoniyat tarixida ilk bor boshqariladigan motorli samolyotda parvozni amalga oshirdilar. Birinchi parvoz atigi 12 soniya davom etib, 36,5 metr masofani qamrab olgan bo‘lsa-da, bu voqea zamonaviy aviatsiya erasiga asos soldi.

1936-yilda Katolik cherkovining amaldagi rahbari Papa Fransisk tavallud topdi. U nafaqat Lotin Amerikasidan chiqqan ilk papa, balki iezuitlar ordeniga mansub birinchi pontifik sifatida ham tarixga kirdi. Fransisk o‘zining kamtarona hayot tarzi va ijtimoiy adolatga qaratilgan chaqiriqlari bilan dindorlar orasida katta hurmatga ega.

1975-yili 17-dekabrda gollivud yulduzi va model Milla Yovovich dunyoga keldi. Rejissyor Lyuk Bessonning «Beshinchi element» filmidagi Lilu obrazi unga olamshumul shuhrat keltirdi. Aktrisa fantastik janrdagi filmlar, xususan, «Yovuzlik qarorgohi» franshizasidagi ishtiroki orqali jangari kino olamining eng taniqli ayol qahramonlaridan biriga aylandi.

1978-yilda filippinlik boks afsonasi Menni Pakyao shu sanada tavallud topdi. U professional boks tarixida 8 xil vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan yagona sportchidir. Sportdagi faoliyatidan tashqari, Pakyao siyosat maydonida ham faol bo‘lib, Filippin Senati a’zosi sifatida o‘z mamlakati rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda.

1989-yili AQSh ekranlarida mashhur «Simpsonlar» animatsion serialining ilk to‘liq epizodi namoyish etildi. Ushbu loyiha o‘tkir satira va yumorga boyligi sababli Amerika pop-madaniyatining ajralmas qismiga aylanib, eng uzoq davom etgan seriallardan biri bo‘lib qoldi. Serial o‘zining bashoratli syujetlari bilan ham mashhur.

2024-yilda Farg‘ona shahrida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa gaz to‘ldirish jarayonidagi texnik xavfsizlik qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan. Yong‘in natijasida 1 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 4 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 16-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.