Ilon Maskning boyligi 700 mlrd dollarga yaqinlashdi

Tesla bosh direktori Ilon Maskning boyligi rekord darajaga yetdi. Forbes hisob-kitobiga ko‘ra, 16-dekabr kuni uning sof boyligi $684,3 mlrdni tashkil etdi.
16-dekabr kuni savdolar yakunida Tesla aksiyalari $489,88 darajaga ko‘tarildi. Bu 2024-yil dekabrda qayd etilgan avvalgi rekord $488,54 dan yuqori.
Ilon Mask boyligining keskin oshishiga yaqinda o‘tkazilgan SpaceX tender bitimi ham ta’sir qildi. Ushbu kelishuv doirasida SpaceX $800 mlrdga baholandi. Natijada Mask tarixda $600 mlrddan ortiq boylikka ega bo‘lgan ilk inson bo‘ldi.
Tesla aksiyalari yil boshida keskin tushib ketgandi. Bunga AQSh prezidentlik saylovlaridan keyingi vaziyat va Maskning Donald Tramp ma’muriyatidagi Hukumat samaradorligi departamentiga rahbarlik qilgani sabab bo‘lgan. May oyida Mask Oq uydagi lavozimni tark etgach, kompaniya aksiyalari asta-sekin tiklana boshladi.
Aksiyalar o‘sishi 2025-yil oktabr oyidan tezlashdi. Tesla uchinchi chorakda $28,09 mlrd daromad qayd etdi. Bu prognozlardan yuqori natija bo‘ldi. Shu davrda kompaniya rekord darajadagi 497 099 ta elektromobil yetkazib berdi.
17-dekabr holatiga ko‘ra, Ilon Mask Forbes real vaqt reytingida $684,29 mlrd boylik bilan dunyodagi eng boy inson bo‘lib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Ilon Maskning boyligi 600 mlrd dollarga yetgani haqida yozgan edi.