Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangandagi diniy ta’lim bo‘yicha holatni nazoratga oldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida voyaga yetmagan bolalar ishtirokida noqonuniy diniy ta’lim tashkil etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Namangan shahrida 31 yoshli fuqaro hujra tashkil qilib, 23 nafar voyaga yetmagan bolalarga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berib kelgan. Ularning 10 nafari 7 yoshgacha, 13 nafari 7 yoshdan katta bolalar bo‘lib, maktablardagi darslarga umuman qatnashmagan. Holat yuzasidan hujra tashkil qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi esa bu bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilib, vaziyat to‘liq nazoratga olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, hozirda bolalarni qonuniy ta’lim tizimiga qaytarish, ularning ijtimoiy va psixologik holatini baholash hamda ota-onalar bilan profilaktik tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 25 yildan ortib qidiruvda bo‘lgan terrorchi O‘zbekistonga qaytarilgani xabar qilingandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs 1999-yilda O‘zbekistondan chiqib ketgan va diniy ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan.