
Apple iPhone Air modelining ikkinchi avlodini arzonroq narxda taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Information nashri xabar berdi.
Yangi model ikki kameraga ega bo‘ladi. Kompaniya asosiy yechim sifatida narxni pasaytirishni ko‘rib chiqmoqda. Hozirda iPhone Air $999 turadi. Apple yangi modelni arzonroq qilishni rejalayapti, ammo aniq narx ochiqlanmagan. Shu bilan birga, u $799 turadigan iPhone 17’dan arzon bo‘lishi ehtimoli past.
Bundan tashqari, Apple iPhone Air 2’ni ikkinchi kamera bilan jihozlashni rejalashtirmoqda. Birinchi avlod modelida 48 MP’lik faqat bitta kamera va 2 karra optik zum mavjud edi. Yangi smartfon 2027-yil bahorida taqdim etilishi mumkin.
iPhone Air’ning asosiy xususiyati uning juda yupqa korpusi bo‘lib qolmoqda. Qurilma atigi 5,6 mm qalinlikka ega. Shu bilan birga, model eskirgan USB port, bitta kamera va 3149 mA/s sig‘imli batareya bilan tanqid qilingan. Apple yangi avlodda aynan shu kamchiliklarni bartaraf etishga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan eng ommabop smartfonlar e’lon qilingani haqida yozgan edi.