Toshkentga kirish nuqtalarida yangi avtoturargohlar tashkil etiladi

Toshkentga kirish nuqtalarida yangi avtoturargohlar tashkil etiladi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, shahar kirish nuqtalari va chegaraga yaqin hududlarda zamonaviy va qulay turargohlar tashkil etiladi. Bu turargohlar shahar atroflaridan kelayotgan haydovchilarga avtomobilini shu yerda qoldirib, manziliga metro yoki avtobus orqali tez va xavfsiz yetib borish imkonini beradi.
Shuningdek, mazkur avtoturargohlar majburiy emas. Haydovchilar o‘z xohishiga ko‘ra, avtomobilini qoldirishi yoki shahar ichiga kirishda davom etishi mumkin.
Boshqarma poytaxtga har kuni qariyb 300 mingta avtomobil kirishi va bu holat, ayniqsa, tig‘iz soatlarda markaziy ko‘chalarda tirbandliklarning keskin oshishiga sabab bo‘layotganini bildirdi. Yangi mexanizm shaharga kirishni cheklamaydi, balki tirbandliklarni kamaytirish va transport tanlovini kengaytirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov Toshkent yo‘llari aslida 400 ming avtomobil oqimiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, hozir shaharda 1 mlndan ortiq mashinalar harakatlanayotganini aytgandi.
Uning aytishicha, muammoni kamaytirish maqsadida xorijiy tajribaga asoslangan yagona yo‘l harakatini boshqarish markazi tashkil etilmoqda. Ushbu markaz shahar bo‘ylab tirbandliklarni real vaqt rejimida kuzatadi va transport oqimini samarali tartibga soladi.