Sadir Japarov tashqi qarzni bir kunda to‘lash mumkinligini aytdi

Qirg‘iziston zarur bo‘lganda butun tashqi qarzini bir kunda to‘lashga qodir, ammo bu iqtisodiy jihatdan amalga oshirilmaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov Jogorku Kenesh (parlament)dagi nutqida aytib o‘tdi.
Davlat rahbari mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sib borayotganini va tashqi qarz darajasi sezilarli darajada pasayganini ta’kidladi. 2020-yilda u YaIMning 54 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir 25 foiz atrofida.
«Iqtisodiyot uchun hech qanday xavf yo‘q. Biz tashqi qarzimizni bir kunda to‘lashimiz mumkin, ammo bu foydasiz — foiz stavkalari yuqoriroq bo‘ladi va jarimalar qo‘llaniladi. 2035-yilga borib, avvalgi kreditlarimizni to‘lashda hech qanday muammo bo‘lmaydi», – dedi Sadir Japarov.
Prezident Qirg‘izistonning oltin-valyuta zaxiralari $8,5 mlrddan oshganini, besh yil oldin esa 2 mlrddan sal ko‘proqni tashkil etganini ma’lum qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘izistonning umumiy davlat qarzi $8,6 mlrdni tashkil etadi, shundan taxminan $5,2 mlrd qismi xorijiy qarzlardir.
Qirg‘izistonning tashqi qarzi O‘zbekistonnikidan $63,6 mlrdga (88 foizga) kam. Markaziy bankning «O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqeyi va tashqi qarzi» sharhida keltirilishicha, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz hajmi $72,2 mlrdga yetgan bo‘lib, undan $36,8 mlrd davlat tashqi qarzi, $35,4 mlrd korporativ tashqi qarz. Korporativ tashqi qarz tarkibida xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan mablag‘lar ham mavjud. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tashqi qarz miqdori $1,9 mingni tashkil qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekiston iqtisodiyotiga 500 mln dollarlik qarz ajratishni ma’qullagan edi.