Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun viza tartibini soddalashtirishi mumkin

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Yevropa Ittifoqining Ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha bosh direktorati ekspertlari o‘rtasida muzokaralarning birinchi bosqichi o‘tkazildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
TIV Konsullik-huquqiy departamenti ma’lumotiga ko‘ra, tadbir davomida mehnat faoliyatini amalga oshirish, o‘qish uchun kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari, yuk mashinalari haydovchilari va turistik guruhlar uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, Yevropa tomoni O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini Yevrokomissiya yig‘ilishiga kiritish uchun bajarilishi zarur bo‘lgan bir qator shartlarni belgilab berdi.
Uchrashuv yakunida yuqorida qayd etilgan maqsadlarga tez fursatda erishish uchun shunday muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda Kipr viza markazi ish boshlagani haqida xabar bergan edik.