
Ford kompaniyasi $6,5 mlrdlik batareya shartnomasini bekor qilib, bir qator elektromobillar loyihasidan voz kechdi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Kompaniya LG Energy bilan tuzilgan yirik batareya yetkazib berish shartnomasini bekor qilgan. Ford elektr avtomobillarning ayrim modellari ishlab chiqarilishini to‘xtatishga qaror qilgani sababli LG bilan $6,5 mlrdlik kelishuv bekor qilindi. Ushbu shartnoma bo‘yicha LG 2027 – 2032-yillar oralig‘ida Ford’ga akkumulyatorlar yetkazib berishi kerak edi. Bu LG uchun jiddiy zarba, chunki shartnoma kompaniyaning yillik daromadining 30 foiziga yaqin ulushni tashkil qilardi.
Ford elektromobil strategiyasini keng miqyosda o‘zgartirmoqda. Dushanba kuni kompaniya $19,5 mlrdlik aktivlarni hisobdan chiqarishi va bir nechta elektr modellarni ishlab chiqarishni to‘xtatishini e’lon qildi.
Shuningdek, to‘liq elektr pikap F-150 Lightning yangi model bilan almashtiriladi. Yangi versiya batareyani benzin dvigateli yordamida quvvatlaydi, ya’ni mashina gibridga aylantiriladi.
Ford kelajakdagi elektr yuk mashinasi T3 loyihasidan ham, rejalashtirilgan elektr tijorat furgonlaridan ham voz kechmoqda. Bu qarorlar kompaniyaning elektr transport bo‘yicha siyosatini ehtiyotkorona optimallashtirayotganidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan elektromobillar tarixi haqida yozgan edi.