Bayram arafasida Toshkent – Xiva yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

/ Foto: Transport vazirligi
Bayram oldi va bayram kunlari yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 156/155-sonli Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etiladi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi.
Unga ko‘ra, 156-sonli Toshkent – Xiva poyezdi Toshkent janubiy bekatidan 2025-yil 19, 23 va 27-dekabr kunlari, shuningdek, 2026-yil 2, 3 va 9-yanvar kunlari soat 22:35 da yo‘lga chiqadi.
155-sonli Xiva – Toshkent poyezdi esa Xiva bekatidan 2025-yil 20, 24 va 28-dekabr kunlari, shuningdek, 2026-yil 3, 4 va 10-yanvar kunlari soat 15:14 da jo‘naydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq talabalar uchun poyezd chiptalariga 50 foizlik chegirma berilishi haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, barcha mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlarining to‘liq temir yo‘l hujjatlari narxidan 50% chegirma amalda bo‘ladi. Chegirma SV va VIP klass vagonlari hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlarga tatbiq etilmaydi. Chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvargacha amal qiladi.