Toshkentdagi «O‘zstandart» binosi auksionga qo‘yildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentdagi yana bir yirik davlat obyektini savdoga chiqardi. Bu haqda rasmiy sahifada ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Yakkasaroy tumanida joylashgan, hozirda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi O‘zbekiston standartlar instituti (O‘zstandart) faoliyat yuritayotgan ma’muriy bino sotuvga qo‘yildi.
E-auksion platformasida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt qavatli bino Chо‘ponota va Bog‘ibuston ko‘chalari kesishmasida, Janubiy vokzalga yaqin hududda joylashgan. Obyekt 0,67 gektar yer maydonini egallaydi, binodagi umumiy foydali maydon esa 8 413 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiya kabi barcha muhandislik kommunikatsiyalari mavjud.
Lotning boshlang‘ich narxi 116,32 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksion 2026-yil 16-yanvar kuni soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi, ishtirok etish uchun arizalar esa o‘sha kuni soat 9:00 gacha qabul qilinadi.
Mazkur obyekt Vazirlar Mahkamasining 7-martdagi qaroriga muvofiq savdoga chiqarilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi binosi 242 mlrd so‘mga sotilgani haqida yozgandi.