SpaceX’ning Starlink sun’iy yo‘ldoshi Yer tomon nazoratsiz pasaya boshladi

eʼlon qilindi
Qurilma atmosferada yonib ketishi mumkin
Foto: Photocreo / www.depositphotos.com

SpaceX kompaniyasining Starlink internet sun’iy yo‘ldoshlaridan biri 17-dekabr kuni orbitada texnik nosozlikka uchradi va Yer tomon nazoratsiz ravishda pasaya boshladi. Bu haqda space.com xabar bermoqda.

Nosozlik oqibatida sun’iy yo‘ldoshning yonilg‘i bagi shikastlangan va undan gaz sizib chiqqan. Bu holat qurilmaning orbital balandligi 4 kilometrga keskin pasayishiga va undan bo‘laklar ajralib chiqishiga sabab bo‘lgan. Hozirda SpaceX mutaxassislari NASA va AQSh Kosmik kuchlari bilan hamkorlikda hosil bo‘lgan kosmik chiqindilarni nazorat qilmoqda.

Kompaniya vakillarining ma’lum qilishicha, sun’iy yo‘ldosh asosan butunligicha qolgan, biroq nazoratsiz aylanish holatida turibdi. Uning hozirgi trayektoriyasi Xalqaro kosmik stansiyadan (XKS) ancha pastda joylashgan bo‘lib, stansiya va uning ekipaji uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Qurilma yaqin haftalar ichida atmosferaning zich qatlamlariga kirib, to‘liq yonib ketishi prognoz qilinmoqda.

Bugungi kunda SpaceX orbitada 9,3 mingtaga yaqin faol sun’iy yo‘ldoshni boshqaradi, bu dunyodagi barcha funksional kosmik apparatlarning qariyb 65 foizini tashkil etadi. Faqatgina 2025-yilning o‘zida kompaniya 122 ta missiya doirasida 3 mingdan ortiq yangi qurilmalarni fazoga uchirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan SpaceX kompaniyasining bozordagi qiymati $800 mlrdga baholanayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek