2025-yil smartfonlaridagi asosiy yangiliklar: katta batareya, ikkinchi ekran va yangi dizaynlar

Joriy yil smartfon bozorida bir qator yangiliklar bilan yodda qoldi. Ishlab chiqaruvchilar foydalanuvchilarni yangi dizaynlar, kuchli batareyalar va kamera imkoniyatlari bilan hayratda qoldirishga harakat qildi. Quyida 4pda ma’lumotlari asosida 2025-yilda e’tiborga molik asosiy tendensiyalar jamlangan.
Batareyalar hajmi keskin oshdi

Smartfonlarning ishlash muddati ancha uzaydi. Silikon-uglerod (Si/C) batareyalar energiyani ko‘proq sig‘dira olgani sababli, endi 6500–8000 mA·soatli akkumulyatorlar oddiy holga aylandi. Eng muhimi telefonlar kattalashib ketmadi.
Bunday batareyalar arzon modellarda (Redmi 15), o‘rta segmentda (Poco F7) va flagmanlarda (OnePlus 15, Xiaomi 17 Pro Max) paydo bo‘ldi. Apple, Samsung va Google esa hozircha 5000 mA·soat atrofida qolmoqda. Kelajakda esa 10 000 mA·soatli telefonlar ham chiqishi kutilmoqda.
Yupqa korpuslar va buklanadigan telefonlar

2025-yilda juda yupqa 6 mm dan ingichka smartfonlar yana urfga kirdi. Samsung S25 Edge, Apple iPhone Air va Motorola Edge 70 shular jumlasidan. Biroq bunday modellar ayrim murosalar sabab ommabop bo‘lib ketmadi.
Yupqa dizayn buklanadigan telefonlarda ancha foydali bo‘ldi. Masalan, Honor Magic V5 va Oppo Find N5 ixchamroq bo‘ldi, Samsung Galaxy Z Fold7 esa ochilganda atigi 4,2 mm qalinlikka ega. Google Pixel 10 Pro Fold esa IP68 himoyasi bilan chang va suvdan himoyalangan ilk bukiladigan telefonlardan bo‘ldi.
Yana bir yangilik esa uch marta buklanadigan telefonlar. Samsung Galaxy Z TriFold ochilganda 10 dyuymli planshetga aylanadi, ammo bunday qurilmalar hozircha juda qimmat.
Ajraladigan optika va kvadrat sensorlar

Mobil fotografiyada ham yangiliklar ko‘p bo‘ldi. Oppo va Vivo ayrim modellariga ajraladigan teleobyektivlar taklif qildi. Bu 40 martagacha optik zum va tabiiy fon xiralashuvini beradi.
Apple iPhone 17’da selfi kamerasi uchun kvadrat sensor joriy qildi. Bu har qanday holatda suratga olishni qulayroq qiladi. Google esa Pixel 10 Pro’da sun’iy intellekt asosidagi yordamchini taqdim etdi. U real vaqtda eng yaxshi rakurs va sozlamalarni tavsiya qiladi.
Ikkinchi ekran va magnitli zaryadlash

Xiaomi 17 Pro Max orqa kameralar qismiga 120 Hz’ga ega qo‘shimcha OLED-ekran o‘rnatdi. Bu ekran bildirishnomalar, selfi olish, video yozish va vidjetlar uchun ishlatiladi.
Shuningdek, Qi 2.2 standarti tufayli Android va iOS qurilmalari bir-biriga yanada yaqinlashdi. Apple MagSafe texnologiyasining bir qismini ochdi, Android telefonlarda esa magnitli zaryadlash keng joriy etila boshlandi. Endi ko‘plab zaryadlovchi va aksessuarlar ikkala platformaga ham mos keladi.
Umuman olganda, 2025-yil smartfonlari kuchliroq, uzoqroq ishlaydigan va texnologik jihatdan ancha qiziqarli bo‘ldi. Bu tendensiyalar kelgusi yillarda ham davom etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Counterpoint Research kompaniyasi 2026-yil uchun smartfon bozori bo‘yicha prognozini qayta ko‘rib chiqqandi. Tahlilchilarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha smartfon yetkazib berish hajmi 2,1 foizga kamayadi.