Bangladeshda talabalar yetakchisi vafotidan so‘ng ommaviy tartibsizliklar avj oldi

«Inqilob manchasi» (Inkilab Mancha) platformasi yetakchisi Sharif Usmon Hodiyning vafoti ortidan Bangladeshning bir qator shaharlarida tartibsizliklar avj oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Sharif Usmon Hodiy o‘tgan juma kuni Dakka shahrida saylovoldi kampaniyasi vaqtida boshidan otib ketilgan va olti kunlik komadan so‘ng Singapur klinikasida vafot etgan edi. Uning vafoti haqidagi xabar tarqalishi bilan poytaxt Dakka ko‘chalarida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi.
G‘azablangan olomon mamlakatning yetakchi nashrlari Prothom Alo va The Daily Star tahririyatlari binolarini vayron qilib, ularga o‘t qo‘ygan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda tahririyat binolaridan quyuq tutun ko‘tarilayotgani va namoyishchilar adolat talab qilayotgani aks etgan.

Muvaqqat hukumat rahbari Muhammad Yunus xalqqa yo‘llagan murojaatida Hodiyning o‘limini millatning siyosiy va demokratik sohasi uchun to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish deb atadi. Yunus fuqarolarni vazminlikka chaqirib, jinoyat bo‘yicha shaffof tergov o‘tkazilishiga va barcha aybdorlar jazolanishiga va’da berdi.
Hukumat qarori bilan shanba kuni mamlakatda davlat motami e’lon qilindi. Hozirda Dakka va Chittagong kabi yirik shaharlarga qo‘shimcha politsiya va harbiylashtirilgan kuchlar kiritilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bolgariya hukumati ommaviy noroziliklardan keyin iste’foga chiqqani haqida xabar bergan edi.