O‘zbekistondan 7,7 kg oltin quymalarning xorijga olib chiqilishiga chek qo‘yildi

eʼlon qilindi
Ularning umumiy qiymati 12,4 mlrd so‘m bo‘lgan
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda O‘zbekistonning oltin quymalarini Qirg‘izistonga olib ketishga urinish holati aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbirda «Do‘stlik» chegara bojxona posti yaqinida 31 yoshli T.T. ismli Farg‘ona viloyatida yashovchi shaxs to‘xtatilib, unga tegishli xo‘jalik qopi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Qop ichidagi 3 dona temir qoplamali avtomobil ehtiyot qismlari maxsus vositalar yordamida bo‘laklarga ajratilganda, ularning ichiga jami 7 kg 784 g oltin bo‘laklari yashirilgani ma’lum bo‘ldi.

Baholash xulosasiga ko‘ra, ushbu oltin quymalarning umumiy qiymati 12,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Aniqlanishicha, u Toshkent shahridan yuborilgan oltinlarni Qirg‘izistonda qabul qilib oladigan shaxsga yuk mashinalari haydovchilari orqali bojxona nazoratidan yashirgan holda yetkazishi kerak bo‘lgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 182-moddasi (bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) ikkinchi qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

DXXning yozishicha, ayni paytda tergov harakatlari doirasida ushbu qimmatbaho metall haqiqiy egalarining shaxsini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida noqonuniy oltin savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olingandi.

Shuningdek