Jamshid Qo‘chqorovga neft-gaz bo‘yicha o‘rinbosar tayinlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan energetika sohasidagi boshqaruvni kuchaytirish maqsadida joriy qilingan iqtisodiyot va moliya vazirining neft va gaz bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Xurshid Baxtiyorovich Mustafoyev tayinlandi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida keltirilgan.
18-dekabr kuni iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov «O‘zbekneftgaz» AJda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yangi lavozimning joriy etilishi – energetikada tizimli islohotlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini aytdi.

Yig‘ilishda shuningdek, «O‘zbekneftgaz» raisi lavozimiga tayinlangan Abdug‘ani Sanginov jamoaga rasman tanishtirildi va soha oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Mamlakat hayotining muhim sohalaridan biri bo‘yicha vazir o‘rinbosarligiga kelgan Mustafoyev 1981-yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent moliya instituti, 2009-yilda O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi, 2014-yilda Yaponiyaning Ritsumeykan universitetini tamomlagan.
2015-yildan boshlab vazirlikning sanoatning bazaviy tarmoqlari va yonilg‘i-energetika majmuyi moliyasi boshqarmasida turli lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik, tarif siyosati va davlat korxonalarini isloh qilish bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, so‘ngra birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan, 2020-yilning noyabr oyida ushbu boshqarmaga boshliq bo‘lgan.
2024-yil 1-mayda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarini erkinlashtirish boshlangandi. O‘shanda Mustafoyev tarif siyosatiga rahbar edi. U o‘sha yilning aprel oyidagi chiqishida elektr energiyasining tannarxi qariyb 1000 so‘m, tabiiy gaz tannarxi esa 2000 so‘m ekanini aytgandi. 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar narxi oshirilganidan so‘ng u vazir Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosari bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov mamlakat iqtisodiyoti 2025-yilda 7 foizga o‘sishini ma’lum qilgandi.