Kambag‘al oilalarga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiyalar ajratiladi

eʼlon qilindi
Har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida
Samarqandda UNESCOning 80 yilligiga bag‘ishlab 80 ming daraxt ekiladi
Kambag‘al oilalarga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan daraxtlar uchun subsidiyalar ajratiladi / Foto: Ekologiya vazirligi

Mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash va kambag‘al oilalarning daromadlarini oshirishga qaratilgan yangi tartib joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kambag‘al oila a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan va parvarishlangan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi. Talabgor o‘rmon xo‘jaligi tashkiloti tomonidan tayinlangan mas’ul xodim (murabbiy) tavsiyalari asosida tanlangan maydonda yerni tayyorlaydi, daraxt ko‘chatlarini bir mavsum davomida ekadi va parvarishlaydi.

Murabbiy tuman (shahar) ekologiya bo‘limi bilan birgalikda talabgor tomonidan ekilgan daraxt ko‘chatlarini joyida ko‘zdan kechiradi va dalolatnoma hamda fotohisobot asosida qabul qiladi. Shu bilan birga, tuman (shahar) ekologiya bo‘limi «Ekofaol fuqaro» platformasida har bir talabgor uchun shaxsiy kabinet ochadi va unga ekilgan daraxt ko‘chatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritib boradi.

Kiritilgan ma’lumotlar tuman (shahar) ekologiya bo‘limi tomonidan 5 ish kuni ichida tasdiqlanadi yoki rad etiladi. Tasdiqlangan daraxt ko‘chatlari soniga mutanosib ravishda subsidiyaning 50 foizi talabgorga to‘lab berish uchun tuman (shahar) ekologiya bo‘limi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi hamda viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalariga talabnoma yuboradi.

Ekologiya boshqarmalari subsidiya mablag‘larini 5 ish kuni ichida talabgorning bank kartasiga o‘tkazib beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq nafaqa olish uchun zarur bo‘lgan eng kam sug‘urta staji muddati belgilangani haqida yozgan edik.

Shuningdek