«JOGMEC» ishtirokida Oʻzbekistonda oʻta muhim mineral konlar oʻzlashtirilishi kutilmoqda

«JOGMEC» ishtirokida Oʻzbekistonda yangi oʻta muhim mineral konlar oʻzlashtirilishi rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo + Yaponiya» sammiti doirasida koʻp tomonlama biznes forumida ishtirok etdi.
Forumda Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yaponiya investitsiyalarini jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.




Shuningdek, tadbir davomida qo‘shma iqtisodiy loyihalar taqdim etildi. Xususan, Sumitomo, Chubu Electric Power, Shikoku Electric Power kompaniyalari tomonidan JBIC va NEXI koʻmagida Oʻzbekistonda ikkita quyosh elektr stansiyasini qurish, Toyota Susho ishtirokida AT infratuzilmasini modernizatsiya qilish, Sojitz kompaniyasi tomonidan koʻp tarmoqli tibbiyot markazini tashkil qilish, shuningdek, JOGMEC (Japan organization for metals and energy security) ishtirokida yangi oʻta muhim mineral konlarini oʻzlashtirish kabi Oʻzbekiston – Yaponiya investitsiya tashabbuslar bildirildi.
Forum yakunida yetakchilar huzurida ushbu loyihalar bo‘yicha tegishli hujjatlar almashildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Markaziy Osiyo – Yaponiya» raqamli xabi yaratilishi mumkinligi haqida xabar qilingandi. Bunda raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, «buyumlar interneti», kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida koʻptomonlama hamkorlik platformasi yaratilishi mumkin.