Braun universitetidagi otishmada gumonlanuvchi shaxs o‘sha oliygohda o‘qigan bo‘lib chiqdi

AQShdagi Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada gumonlanuvchi shaxs haqida yangi tafsilotlar oshkor bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Braun universitetining ikki nafar talabasi (ulardan biri o‘zbekistonlik MuhammadAziz Umurzoqov) hamda Massachusets Texnologiya Instituti (MIT) fizigi o‘limiga sababchi bo‘lgan Klaudio Valente ilgari istiqbolli ilmiy faoliyatni tark etib, Portugaliyada dasturchi sifatida ishlagan. U 2017-yilda AQShga qaytib kelgan va Green card asosida doimiy rezident maqomini olgan.
Valente 1990-yillar oxirida Lissabondagi nufuzli Instituto Superior Tecnico’da tahsil olgan va o‘sha davrda iqtidorli talaba sifatida tanilgan. Biroq 2001-yilda Braun universitetida taxminan bir yil o‘qigach, ta’limini tark etgan. Shundan so‘ng u Portugaliyadagi Sapo internet portalida IT mutaxassisi bo‘lib ishlagan.

Sobiq hamkasblarning ayrimlari Valente’ni bilimli, biroq yopiq va ba’zan murakkab xarakterga ega shaxs sifatida eslaydi. Shu bilan birga, boshqa tanishlarining aytishicha, u ochiq tajovuzkor yoki antisotsial xatti-harakatlar ko‘rsatmagan.
Valente Lissabon yaqinidagi Entronkamentu shahrida tug‘ilgan, o‘rta tabaqaga mansub oilaning yagona farzandi bo‘lgan. Braun universitetida o‘qigan yillarda ota-onasi bilan aloqalarni uzgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Braun universitetidagi hodisadan ikki kun o‘tib, Valente MIT fizika professori, shuningdek, uning sobiq kursdoshi bo‘lgan Nunu Loureyroni ham otib o‘ldirgan. Hozirgi kunda ushbu jinoyatlar yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Braun universitetidagi voqea ortidan Green Card dasturini to‘xtatdi.