
Hyundai kompaniyasi Sonata sedanining to‘qqizinchi avlodini mutlaqo yangi talqinda ishlab chiqmoqda. Bu haqda Crascoops ma’lum qildi.
Janubiy Koreya manbalariga ko‘ra, yangi Sonata «Art of Steel» («Po‘lat san’ati») uslubidagi dizaynga ega bo‘ladi. Ushbu futuristik dizayn 1980-yillarning o‘rtalaridagi birinchi avlod Sonata modeliga bevosita ishora qiladi.
Avtomobilning tashqi ko‘rinishi burchakli shakllar, keskin qirralar va «kvadrat» siluet bilan ajralib turadi. Bu dizayn elektrli Ioniq 5 va N Vision 74 konseptlariga o‘xshash tarzda yaratilgan.
Shuningdek, dvigatel bo‘limida ham jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda. Hyundai ushbu model uchun sof benzinli ichki yonish dvigatellaridan voz kechib, faqat hibrid quvvat tizimlarini taklif etadi. To‘qqizinchi avlod o‘z-o‘zini zaryadlaydigan va tashqi manbaga ulanadigan hibrid variantlarda sotuvga chiqariladi, N Line sport versiyasi esa elektr quvvat tizimi bilan ta’minlanishi mumkin.
Hozircha Hyundai Sonata modeliga talab pasayib bormoqda. AQSh bozorida sakkizinchi avlod Sonata sotuvlari joriy yilda 12% ga, noyabr oyida esa 42% ga kamaydi. Hyundai kompaniyasi yangi, retro-futuristik dizayn va kuchli hibrid tizimlar uyg‘unligi bilan eski bestsellerga yangi hayot baxsh etishga harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hyundai’ning premium brendi Genesis G90 Wingback universaliga tegishli yangi suratlar e’lon qilingan edi.



