
Huawei yangi avlod Huawei Nova 15 Pro va Nova 15 Ultra smartfonlarini namoyish etdi. Bu haqda ITHome xabar bermoqda.
Ultraning asosiy yangiligi kamera bo‘ldi. Orqa kamerada uchta 50 megapikselli RYYB sensor bor. Asosiy modulda o‘n pog‘onali o‘zgaruvchan diafragma va optik stabilizatsiya mavjud. Yoritish masofaga qarab moslashadigan adaptiv chiroq orqali boshqariladi. Avtofokus uchun lazerli yordamchi qo‘llangan.
Ultra modeli Kirin 9010S protsessorida ishlaydi. Operatsion tizim HarmonyOS 6. Ish tezligi oldingi avlodga nisbatan 18 foiz oshgani aytiladi. Batareya hajmi 6500 mA/soat bo‘lib, 100 Vt quvvatli simli va 50 Vt quvvatli simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qalinligi atigi 6,8 mm. Smartfon IP68/IP69 darajasida himoyalangan. 6,84 dyuymli ekran bilan ta’minlangan. Tiantong sun’iy yo‘ldosh aloqasi ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Nova 15 Pro ham Kirin 9010S asosida ishlaydi. Bunda ba’zi funksiyalar soddalashtirilgan. Sun’iy yo‘ldosh aloqasi yo‘q. Kameralar soni va imkoniyatlari qisqartirilgan. Telefoto modul 12 megapikselli sensor bilan berilgan. Ultra modeli kabi ekran o‘lchami 6,84 dyuym. Batareya bir xil. Ammo simsiz zaryadlash yo‘q. Korpus qalinligi 6,9 mmni tashkil etadi.
Narxlar:
| Model | Xotira | Narxi |
|---|---|---|
| Huawei nova 15 Pro | 256 GB | $500 |
| Huawei nova 15 Pro | 512 GB | $555 |
| Huawei nova 15 Ultra | 256 GB | $595 |
| Huawei nova 15 Ultra | 1 TB | $710 |
Yangi modellar sun’iy intellekt asosida suratlarni yaxshilashni qo‘llaydi. Qo‘ng‘iroqlar vaqtida shovqinni kamaytirish tizimi bor.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei MatePad 11.5 S 2026 global bozorga chiqqani haqida yozgan edi.