O‘zbekistonda tabiiy gaz va neft qazib olish kamaydi

2025-yilning dastlabki 11 oyi mobaynida O‘zbekistonda yirik sanoat korxonalari tomonidan tabiiy gaz va neft ishlab chiqarish hajmi qisqardi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasining 22-dekabr kuni e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning yanvar – noyabr oylarida 38,9 mlrd kubometr gaz qazib olingan, bu o‘tgan yilning mos davriga (41 mlrd kubometr) taqqoslaganda 5,1 foizga kam. Ammo 2023-yilning dastlabki 11 oyi davomida 2025-yilga qaraganda 10 foizga ko‘p, 2024-yilga nisbatan esa 4,4 foizga ko‘p gaz qazib olingandi (42,8 mlrd kubometr).

Neft ishlab chiqarish hajmi ham so‘nggi 2 yildan buyon kamayib bormoqda. Xususan, korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan neft hajmi joriy yilgi davrda 601,2 ming tonnani tashkil etdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bu yil o‘tgan yilgi davrga taqqoslaganda 56,4 ming tonna yoki taxminan 8,6 foizga kam, 2023-yilga nisbatan 108,1 ming tonna yoki taxminan 15,2 foizga kam neft ishlab chiqarilgan.
Ko‘mir miqdori esa yil sayin oshirilmoqda. Masalan, bundan ikki yil oldingi davrda 5,7 mln tonna, o‘tgan yilgi hisobot davrida 7,3 mln tonna ko‘mir ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu yil 2 yil oldingiga qaraganda 31,6 foiz, 2024-yilga nisbatan 2,7 foiz ko‘p ko‘mir ishlab chiqarilgan (7,5 mln tonna).
Avvalroq «Kursiv» 2025/2026-yilgi mavsumda 10 mln tonna ko‘mir ishlab chiqarilishi haqida yozgandi.