Aholiga iste’mol krediti va mikroqarzlar bo‘yicha eng yuqori miqdorlar belgilandi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar olishi mumkin bo‘lgan mikroqarz va iste’mol kreditlarining maksimal miqdorlari belgilandi. Markaziy bank chiqargan qaror davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
2026-yilning 21-yanvaridan kuchga kiradigan ushbu qarorga ko‘ra, banklarga o‘rnatiladigan makroprudensial normativlar qatorida endi qarz oluvchining iste’mol kreditlari va mikroqarzlari bo‘yicha jami asosiy qarz (limit) miqdorining mazkur qarz oluvchi o‘rtacha oylik daromadi miqdoriga nisbatini hisoblash talabi ham bo‘ladi. Eng ko‘pi bilan 15 foizgacha bank tomonidan qarz oluvchilarga kreditlar berishda ularning qarz yuki ko‘rsatkichi 100 foizgacha bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, ipoteka krediti bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun berilgan subsidiyalar hisobidan amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar summasi mazkur ipoteka krediti bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar summasidan chegirilishi mumkin.
Qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lmasa, bank mazkur qarz oluvchi bankka murojaat qilgan sanadan oldingi 18 oylik davr ichida asosiy qarzi to‘liq to‘langan kredit (mikroqarz) bo‘yicha mazkur davr ichidagi to‘lovlarning kamida 6 oy, biroq 12 oydan oshmagan uzluksiz muddat davomida to‘lovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanishi mumkin.
Kredit (mikroqarz) olgan shaxsning o‘rtacha oylik daromadlarini aniqlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi 8 barobardan, mavjud bo‘lmasa, qarzning daromadga nisbati ko‘rsatkichi 5 barobardan oshmasligi lozim.
Bu talab yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar va ta‘lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy bank qaroriga ko‘ra, tijorat banklarining mikroqarzlar va kredit kartalari faoliyati bo‘yicha yangi cheklovlar joriy qilingani haqida yozgandi.