Samsung Galaxy S24 Ultra va Galaxy S25 Ultra: qaysi kuchli

23-dekabr 2025 09:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Quke

Samsung kompaniyasining Galaxy S Ultra seriyasi Android olamida eng yuqori darajadagi smartfonlar qatoriga kiradi. Ushbu qurilmalar har yili nafaqat kompaniyaning, balki butun bozorning texnologik yo‘nalishini belgilab beradi. Bugun xaridor oldida murakkab tanlov turibdi. Maqolada Samsung Galaxy S24 Ultra va Galaxy S25 Ultra modelllari tahlil qilinadi.

Samsung Galaxy S24 Ultra: sun’iy intellekt davri uchun mustahkam asos

2024-yil boshida taqdim etilgan Galaxy S24 Ultra butun Ultra liniyasi uchun yangi bosqichni boshlab berdi. Aynan shu model keyingi yillardagi dizayn, texnologiya va funksional yondashuvning asosiga aylandi.

Dizayn va ekran

Galaxy S24 Ultra deyarli to‘liq tekis ekran bilan jihozlangan ilk Ultra-smartfon bo‘ldi. Bu qaror ayniqsa S Pen stilusidan foydalanadigan foydalanuvchilar tomonidan ijobiy qabul qilindi. Yozish va chizish qulayroq bo‘ldi, himoya oynalarini yopishtirish esa ancha osonlashdi. Korpus Gorilla Glass Armor oynasi va titan ramkadan tayyorlangan bo‘lib, qurilmaga premium ko‘rinish bag‘ishlaydi.

Foto: Ijtimoiy tarmoq

Shu bilan birga, ergonomika masalasi hanuz bahsli. O‘tkir burchaklar uzoq vaqt ishlatilganda kaftga noqulaylik tug‘diradi. Ayrim foydalanuvchilar buni dizayndagi kamchilik desa, boshqalar Samsung ataylab telefonda uzoq vaqt o‘tirishni cheklamoqchi bo‘lgan degan hazil-mutoyiba bilan izohlaydi. Katta o‘lchamlar sababli uni cho‘ntakda olib yurish ham hamma uchun qulay emas.

Dynamic AMOLED 2X ekrani 120 Hz yangilanish chastotasi va 2600 nitgacha yorqinlikka ega. Maxsus antirefleks qoplama tufayli ekran quyosh nuri ostida ham aniq va o‘qilishi oson bo‘lib qolmoqda.

Ishlash quvvati

Galaxy S24 Ultra Snapdragon 8 Gen 3 protsessori bilan ishlaydi. Bu chip har qanday kundalik vazifa va og‘ir ilovalarni bemalol bajaradi. 12 GB tezkor xotira bugungi sun’iy intellekt funksiyalari uchun minimal zarur daraja hisoblanadi.

Grafik ishlov uchun Adreno 750 javob beradi. U yuqori kadr tezligini qo‘llab-quvvatlaydi va maxsus texnologiyalar yordamida o‘yinlarni yanada ravon qiladi. Hexagon NPU moduli esa Galaxy AI funksiyalarining lokal ishlashini ta’minlaydi.

Foto: Quke

Kameralar

Galaxy S24 Ultra 200 MP asosiy kamera, 12 MP keng burchakli modul, 3 karra optik zumli 10 MP telekamera va 5 karra optik zumli 50 MP telekamera bilan jihozlangan. So‘nggi modul avvalgi avloddagi 10 karra periskop kameraning o‘rnini bosgan bo‘lib, ko‘proq sifatga urg‘u beradi.

12 MP old kamera yuqori aniqlikdagi selfilar va tungi suratlar bilan ajralib turadi. Sun’iy intellekt algoritmlari kam yorug‘likda surat sifatini yaxshilaydi va video yozishda kadrlar almashinuvini silliq qiladi.

Samsung Galaxy S25 Ultra: mukammallashtirilgan tajriba

Galaxy S25 Ultra oldingi yutuqlarni rivojlantirgan model bo‘ldi. Keskin o‘zgarishlar yo‘q, ammo deyarli har bir jihat mayda, ammo muhim yaxshilanishlarga ega.

Dizayn va qulaylik

Eng asosiy o‘zgarish yumaloqlangan burchaklar bo‘ldi. Samsung foydalanuvchilar tanqidini inobatga oldi. Endi smartfon qo‘lda ancha qulay yotadi. Korpus yupqaroq bo‘ldi, ekran atrofidagi ramkalar qisqardi. Og‘irlik ham kamayib, 218 grammni tashkil etdi.

Ekran texnologiyasi o‘zgarmagan. Bu hamon tekis Dynamic AMOLED 2X bo‘lib, 120 Hz chastotaga ega. Gorilla Glass Armor’ning yangilangan versiyasi ishlatilgan. Diagonal o‘sishi deyarli sezilmaydi, ammo yupqa ramkalar sabab telefon biroz uzunroq ko‘rinadi.

Foto: Samsung

Ishlash quvvati

Galaxy S25 Ultra Snapdragon 8 Elite protsessori bilan jihozlangan. Sintetik testlarda u oldingi avloddan sezilarli darajada yuqori natijalarni ko‘rsatadi. Ilovalar tez ochiladi, ko‘p vazifali rejimda ishlash silliq. Yaxshilangan sovitish tizimi qurilmaning qizib ketishini oldini oladi.

Xotira

Model 12 yoki 16 GB tezkor xotira bilan taklif etiladi. Doimiy xotira variantlari 256 GB’dan 2 TB’gacha yetadi. Bu Galaxy AI imkoniyatlaridan faol foydalanadiganlar uchun muhim ustunlik hisoblanadi.

Kameralar

Asosiy 200 MP kamera saqlab qolingan. Eng katta yangilik keng burchakli kameraning 50 MP’ga oshirilganidir. Bu suratlarda yanada yuqori aniqlik beradi. Telekameralar konfiguratsiyasi o‘zgarmagan.

Foto: Quke

Yangi ProVisual Engine va kuchli protsessor ranglar, teri ohanglari va tungi suratlar sifatini yaxshilaydi. Biroq Galaxy S24 Ultra foydalanuvchilari uchun bu farq keskin sezilmasligi mumkin.

Dasturiy ta’minot va avtonomlik

Ikkala model ham Android 15 asosidagi One UI 8.0’da ishlaydi va yetti yil davomida yangilanish oladi. Batareya sig‘imi 5000 mA/soat. Simli quvvatlash 45 Vt, simsiz quvvatlash esa S25 Ultra’da 25 Vt’gacha oshirilgan. Avtonomlik bo‘yicha sezilarli farq yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 seriyasining taqdimoti kechikishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek