Ohangaronda 62,5 million so‘mlik pirotexnika buyumlari fosh etildi

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida ikki nafar shaxs Nexia-3 avtomashinasida umumiy qiymati 62,5 mln so‘mlik chet elda ishlab chiqarilgan pirotexnika buyumlarini olib kelayotganida qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, avtomashinada 1440 quti «Britanik», 1350 quti «Mikki-Maus», 48 dona «7-shots» hamda 16 dona «Karelevskiy» kabi pirotexnika vositalari topildi. Ular ushbu buyumlarni Toshkent shahrida sotish maqsadida bo‘lgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlar mazkur pirotexnika vositalarini ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirdi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 250-1-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, materiallar tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘ijduvonda davlat zaxirasidagi yerlarni noqonuniy sotgan shaxslar ushlangan edi.