O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi ilk bor 8,9 mln so‘mga yaqinlashdi

eʼlon qilindi
Jahon bozorida ham oltin narxi yuqori o‘sishni qayd etdi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 8,1 mlndan 7,9 mln so‘mga tushdi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi yana 8,8 mln so‘mlik chegaradan oshdi / Foto: ijtimoiy tarmoq

23-dekabr kuni oltin quymalar narxi avvalgi rekordni yana bir bor yangiladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 8,868 mln so‘mga, 10 grammli quyma 17,736 mln so‘mga, 20 grammli quyma 35,472 mln so‘mga ko‘tarildi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 88,679 mln so‘m, 100 grammli esa 177,358 mln so‘mni tashkil qildi.

Jahon bozorida ham oltin narxi yuqori o‘sishni qayd etdi. Xususan, 23-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 11:05 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi bir troya unsiyasi uchun $4476,91 ga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-oktabr kuni 5 grammli quyma ilk bor 8,8 mln so‘mga ko‘tarilib, rekord o‘rnatgandi. Bunda ham narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sgandi.

Avvalroq jahon bozorlarida oltin narxi AQShda foiz stavkalari pasaytirilishi kutilmalari fonida tarixiy rekordni yangilagani haqida xabar berilgandi. 22-dekabr kuni oltinning bir unsiyasi ilk bor $4,4 ming chegarasidan oshib, $4,4 ming darajasigacha ko‘tarildi.

Joriy yil boshidan buyon oltin qiymati 67 foiz, kumush esa 138 foizga oshdi. Mutaxassislar buni xavfsiz aktivlarga talabning ortishi, geosiyosiy keskinliklar, markaziy banklarning faol xaridlari hamda past foiz stavkalari kutilmalari bilan izohlamoqda. Dollar kursining zaiflashuvi ham qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabni kuchaytirdi.

Bozorlar kelasi yili AQShda kamida ikki marta foiz stavkalari pasaytirilishini kutmoqda. Past foiz muhiti esa daromad keltirmaydigan aktivlar, xususan, oltin uchun qulay sharoit yaratadi.

Shuningdek