Qashqadaryoda 134 nafar talaba qizning kontrakti to‘lab berildi

Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning qaroriga asosan, viloyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 134 nafar talaba xotin-qizning o‘qish xarajatlari qoplab berildi.
To‘lovlar uchun «Ayollar daftari» jamg‘armasidan jami 1 mlrd 127 mln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Mablag‘lar ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan.
Ushbu chora O‘zbekiston prezidentining 2025-yil 19 – 20-iyun kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi yuzasidan berilgan topshiriqlar hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Hujjatga ko‘ra, Qarshi va Shahrisabz shaharlari, shuningdek, G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Kasbi va viloyatning boshqa barcha tuman hokimlariga 2025/2026-o‘quv yili uchun talabgorlarning bazaviy to‘lov-kontrakt summalarini belgilangan tartibda o‘tkazib berish vazifasi yuklatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan super-kontrakt narxi qanday hisoblanishi haqida xabar bergan edi.