Nvidia H200 chiplarini Xitoyga yetkazib berishni rejalashtirmoqda

Nvidia kompaniyasi o‘zining Xitoydagi mijozlariga fevral oyi o‘rtalarida nishonlanadigan Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil bayramigacha H200 sun’iy intellekt chiplarini yetkazib berishni boshlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Manbalarning ta’kidlashicha, dastlabki yuklamalar hajmi 5000 dan 10 000 gacha chip modullarini tashkil etishi kutilmoqda, bu taxminan 40 – 80 ming dona H200 chipiga teng. Shuningdek, kompaniya Xitoy uchun yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qo‘shishni rejalashtirgan bo‘lib, bu quvvatlar uchun buyurtmalar 2026-yilning ikkinchi choragida ochilishi aytilmoqda.
Ushbu reja AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoyga H200 chiplarini 25 foizlik qo‘shimcha to‘lov evaziga sotishga ruxsat berish haqidagi bayonotidan so‘ng ishlab chiqildi. Bu Bayden ma’muriyati davrida milliy xavfsizlik vajlari bilan joriy etilgan taqiqlardan keskin farq qiluvchi siyosiy o‘zgarishdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan H200 chiplarini ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqchiligi haqida xabar bergan edi.